Eron Qurolli kuchlari oliy bosh qo‘mondoni, oyatullo Sayyid Mujtabo Xomanaiy dushman tomonidan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan har qanday tahdidga, uning xususiyati va geografik joylashuvidan qat’i nazar, zudlik bilan va samarali javob qaytarishni ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatma berdi.
Bu haqda Xomanaiyning Islom Respublikasi Qurolli kuchlari yuqori martabali qo‘mondonlari bilan uchrashuvi yakunlari bo‘yicha tarqatilgan xabarda aytilgan.
Uchrashuv davomida oliy rahbar «dushmanlarga kuchli qarshilik ko‘rsatish uchun oqilona jangovar shaylik»ni «maksimal darajada tiyib turish»ni ta’minlashning asosiy shartlaridan biri sifatida qayd etgan.
Xomanaiy, shuningdek, harbiy razvedka tizimini mustahkamlash, milliy mudofaa sanoatini doktrinal va taktik yo‘nalishlarda rivojlantirish, eng yangi texnologiyalar asosida zamonaviy mudofaa va kuch ishlatish salohiyatini oshirish, shuningdek, harbiy xizmatchilarning jangovar ruhini ko‘tarish va ularning moddiy ehtiyojlarini ta’minlashni topshirgan.
Bundan tashqari, oliy bosh qo‘mondon Eron Qurolli kuchlari nishonga olishi mumkin bo‘lgan ob’ektlar ro‘yxatini yangilashni buyurgan. Bunda AQSh va Isroilning moddiy hamda nomoddiy aktivlarining turli ko‘rinishlari Eron Qurolli kuchlari yeta oladigan masofada bo‘lishi ko‘zda tutilgan.