Xitoy ijtimoiy tarmoqlarida G‘arb sivilizasiyasiga oid tarixiy faktlarni shubha ostiga qo‘yayotgan muhokamalar keng tarqalmoqda. Bunday bahslarning navbatdagi sabablaridan biri Shanxayda o‘tkazilgan Qadimiy Misr artefaktlari ko‘rgazmasi bo‘ldi, deb yozadi SCMP.
Bir san’at tarixi professori ijtimoiy tarmoqda muzeyda namoyish etilgan buyumlar juda ham yangi ko‘rinishini aytdi. Uning fikricha, ular bir necha ming yillik bo‘lishi mumkin emas.
Bu — Xitoyda qadimgi tarixga oid ayrim faktlarni inkor qilish tendensiyasi kuchayib borayotganining yana bir misoli. Masalan, ba’zi muhokamalarda Qadimgi Yunon yoki Qadimgi Misr sivilizasiyasi umuman mavjud bo‘lmagani, yoki qadimgi yunon faylasuflarining borligiga hech qanday dalil yo‘qligi haqida da’volar uchraydi. G‘arb sivilizasiyalariga qarshi bunday baxslarda Xitoy inson madaniyati va sivilizasiyasining haqiqiy beshigi sifatida talqin qilinadi.
Bunday iddaolarga haqiqiy xitoylik tarixchilar qarshi chiqmoqda, ular fakt va dalillarni yaxshi bilishadi, ammo shunga qaramay, ularning ovozi hammaga yetib bormayotgan hollar ham uchraydi.
Muhokamalar shunchalik avj oldiki, hatto hukumat ham aralashdi. Davlat nashri bu kabi “tarixchilar” — G‘arb sivilizasiyasini inkor qiluvchilarni tanqid qiluvchi katta maqola chop etdi. Biroq bu ham hammani ishontirish uchun yetarli bo‘lmadi.