Pekin AQShlik qonun chiqaruvchining Starbucks kompaniyasining Shinjonda ilk qahvaxonalarini ochgani haqidagi tanqidlariga javob qaytardi. Xitoy hukumati asosan musulmon uyg‘urlar yashaydigan ushbu hududda inson huquqlari buzilayotgani haqidagi ayblovlarni rad etmoqda.
🇺🇸 AQSh Kongressi Vakillar palatasining Xitoy bo‘yicha maxsus qo‘mitasi raisi, respublikachi Jon Mulenar Starbucks'ni Shinjonda yangi ochilgan filiallarini yopishga chaqirdi. Uning ta’kidlashicha, AQSh kompaniyasining uyg‘urlarga nisbatan ta’qiblar haqida ayblovlar mavjud bo‘lgan hududda biznes yuritishiga «hech qanday asos yo‘q».
☕ Urumchi shahridagi Starbucks qahvaxonalari o‘tgan hafta ochilgan edi.
🇨🇳 Xitoy TIV vakili Go Szyakun esa Shinjonda «genosid» sodir bo‘layotgani haqidagi bayonotlarni «ochiq-oydin yolg‘on» deb atadi. U AQShdagi ayrim guruhlarni Pekinga siyosiy maqsadlarda hujum qilishda aybladi.
AQShda 2021 yilda qabul qilingan Uyg‘urlarni majburiy mehnatdan himoya qilish qonuni Shinjondan majburiy mehnat bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin bo‘lgan mahsulotlarni Amerika bozoriga kiritishni cheklashga qaratilgan.
Iyul oyida AQSh Milliy xavfsizlik vazirligi Shinjon bilan bog‘liq kompaniyalar ro‘yxatini 30%ga kengaytirib, 187 ta kompaniyaga yetkazgan. Ro‘yxatga oziq-ovqat, paxta, farmasevtika, metall va litiy kabi sohalardagi kompaniyalar ham kiritilgan.
Pekin bu chorani o‘sha paytda «iqtisodiy majburlash» deb baholagan.