Isroilning sobiq bosh vaziri Exud Barakning aytishicha, amaldagi bosh vazir Binyamin Netanyaxu 27 oktyabrga belgilangan saylovlarni kechiktirishga imkon beradigan urush uchun «zamin hozirlamoqda».
Barak bu haqda Isroilning «12-kanali»ga bergan intervyusida ma’lum qildi. U Netanyaxu xavfsizlik masalasidan saylovoldi kampaniyasida foydalanayotganini ta’kidladi.
Avvalroq Netanyaxu saylovlar arafasida Isroilga qarshi tashqi hujumga tayyorgarlik belgilari mavjudligini aytgan, ammo ehtimoliy hujum qaysi tomondan bo‘lishi mumkinligini aniqlashtirmagan.
Oppozisiya bosh vazirning bu bayonotini «siyosiy manyovr» deb baholagan.