Xitoylik olimlar Mars atmosferasidan yoqilg‘i olish usulini topishdi.
SCMP agentligi xabar berishicha, Xefey shahridagi Chuqur kosmosni tadqiq qilish davlat laboratoriyasi olimlari karbonat angidridni suyuq metanolga aylantiradigan katalizator yaratishgan. Ma’lumot uchun, Qizil sayyora atmosferasining 95 foizdan ortig‘ini karbonat angidrid tashkil etadi.
Metanol kelajakdagi Mars mustamlakachilariga elektr energiyasi ishlab chiqarish, isitish va marsoxodlarga yoqilg‘i quyish uchun kerak bo‘ladi. Bundan tashqari, u antifriz va qurilish materiallarini ishlab chiqarishda kimyoviy asos sifatida ham qo‘llanilishi mumkin. Olim-kosmonavt Chjan Chje va uning hamkasblari ta’kidlashicha, bu usul Yerdan yuboriladigan yuklar hajmini keskin kamaytirish va kelajakdagi Mars bazasining mustaqilligini oshirish imkonini beradi.
Katalizator g‘ovak kristall tuzilmada mis va natriyni birlashtiradi hamda karbonat angidridning Mars muzidan olinadigan vodorod bilan reaksiyaga kirishishiga yordam beradi. Yerda o‘tkazilgan sinovlarda u sof misga nisbatan 11 baravar ko‘p metanol ishlab chiqargan va deyarli qo‘shimcha mahsulotlar hosil qilmagan. Bir kilogramm katalizator soatiga taxminan 245 gramm metanol ishlab chiqargan. U 12 soatlik sinov davomida barqaror ishlagan.
NASA ham odamlarni Marsga yuborishni rejalashtirmoqda, biroq hozircha aniq sanalar belgilanmagan. Agentlikning toster hajmidagi MOXIE qurilmasi 2021–2023 yillarda Mars atmosferasidan kislorod ishlab chiqargan.
2021 yilda «Tyanven-1» apparati Marsga qo‘nganidan so‘ng, Xitoy Qizil sayyoraga kosmik apparatni muvaffaqiyatli qo‘ndirgan ikkinchi davlatga aylandi. «Tyanven-3» missiyasini taxminan 2028 yilda uchirish rejalashtirilgan. U 2031 yilgacha Yerga Mars tuprog‘idan kamida 500 gramm namuna olib kelishi kerak.