Xitoy AQSh bilan aloqalar va hamkorlikni mustahkamlash, mavjud kelishmovchiliklarni hal etish hamda Vashington bilan konstruktiv strategik munosabatlarni rivojlantirishga tayyor.
Bu haqda Report Xitoy Tashqi ishlar vazirligiga tayanib xabar bermoqda.
Mazkur bayonotni Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I AQSh Davlat kotibi Marko Rubio bilan telefon orqali muloqoti chog‘ida bildirgan.
Tomonlar suhbat davomida Xitoy — AQSh munosabatlari hamda ikki davlat rahbarlarining o‘zaro hamkorligiga oid masalalar yuzasidan atroflicha fikr almashdi. Vazirlik ma’lum qilishicha, muloqot ijobiy va konstruktiv ruhda o‘tgan.
Van I Xitoy rahbari Si Szinpinning sentyabr oyida AQShga amalga oshirgan tashrifi muvaffaqiyatli o‘tganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ikki davlat rahbarlari Xitoy — AQSh munosabatlarini yangi mazmun bilan boyitish hamda o‘zaro hamkorlikning to‘g‘ri yo‘nalishini belgilash uchun yanada aniq strategik mo‘ljallarni ishlab chiqishga kelishib olgan.
U ikki tomonlama munosabatlarni barqarorlashtirish oson bo‘lmaganini va bu jarayon ikki yirik davlatning o‘z milliy hamda umumiy manfaatlaridan kelib chiqqan holda qabul qilgan oqilona qarori natijasi ekanini qayd etdi.
«Xitoyning AQShga nisbatan siyosati barqaror va izchil bo‘lib qolmoqda. Xitoy Amerika tomoni bilan aloqalar va hamkorlikni mustahkamlash, kelishmovchiliklar hamda nozik masalalarni tegishli tarzda hal etishga tayyor», — dedi Van I.
Shuningdek, u 2026 yilda Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi (ATES) yetakchilarining norasmiy uchrashuvi va G20 sammitini muvaffaqiyatli o‘tkazishda tomonlar bir-birini qo‘llab-quvvatlashiga umid bildirdi.
Van I Xitoy va AQSh o‘rtasida konstruktiv, strategik va barqaror munosabatlarni amalda ta’minlash muhimligini ham ta’kidladi.