Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Baxtiyor Pulatov Uzun tumanida joylashgan 25-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotini borib o‘rgandi.
Bog‘cha 1957 yilda foydalanishga topshirilgan bo‘lib, 100 o‘rinli loyiha asosida qurilgan. Ushbu muassasa yillar davomida ko‘plab avlodlarni tarbiyalashda muhim o‘rin tutgan. Ammo bugungi kunda mazkur bog‘cha jiddiy ta’mirtalab holga kelib qolgan.
Qurilganiga salkam 70 yil bo‘lgan bino zamon talablari va sanitariya-gigena me’yorlariga javob bermaydi. Tom qismlarida suv o‘tkazish holatlari kuzatilmoqda, devorlar nam tortgan, pol qoplamalari eskirgan. Binoning jismoniy va texnik jihatdan yaroqsizligi natijasida tarbiyalanuvchilar uchun qulay va xavfsiz sharoit yaratilmagan. Ko‘plab xonalar foydalanishga yaroqsiz. Bu esa muassasa faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Muassasani o‘rganish davomida mahalla aholisi tomonidan tegishli tashkilotlarga mazkur muassasani kapital ta’mirlash yoki yangi bino qurish bo‘yicha ko‘plab murojaatlar yo‘llanganligi ma’lum bo‘ldi. Chunki zamonaviy, xavfsiz va qulay maktabgacha ta’lim muassasasi farzandlarimizning barkamol rivoji uchun zarur hisoblanadi.
Bugungi kunda maktabgacha ta’lim sohasini rivojlantirish, bolalarning sog‘lom va to‘laqonli rivojlanishini ta’minlash ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi. Shu bois 25-sonli bog‘chani zamonaviy talablar asosida qayta ta’mirlash yoki yangi muassasa barpo etish dolzarb masalalardan biri bo‘lib turibdi.
Fuqarolar tomonidan tegishli idoralardan ushbu masalaga befarq bo‘lmaslik, yosh avlod taqdiri uchun tezkorlik bilan yechim topishda amaliy yordam berish so‘ralmoqda.
Ushbu masala yuzasidan deputatlik so‘rovi yuborish rejalashtirilgan.