Ilon Mask Eron oliy rahbari Ali Xomanaiyning ijtimoiy tarmoqdagi postiga shama bilan izoh qoldirdi.
Ilon Mask AQSh va Eron o‘rtasida keskinlik avj olgan bir paytda, oliy rahbar Ali Xomanaiyga murojaat qildi. U X ijtimoiy tarmog‘ida Xomanaiy sahifasidagi post ostida shunday deb yozdi: «Amerika — katta shaytonmi yoki eng katta shayton?».
Bu so‘rov Maskning tanqidiy yondoshuvi sifatida baholanmoqda. Eron rasmiylari AQShni yillar davomida «katta shayton» deb ataydi.
Isroil 13 iyun kuni Eronga qarshi havo hujumlarini boshladi. Tel-Aviv yadroviy dasturga oid maxfiy faoliyat ayblovini ilgari surgan. Isroil hujumi atom ob’ektlari, harbiy baza va fizik olimlarga qaratilgan edi.
Eron bu ayblovlarni rad etib, o‘z navbatida hujumlar bilan javob qaytardi. AQSh 22 iyun kuni Eronning yadroviy ob’ektlariga bir martalik zarba berdi. Javob tariqasida Tehron 23 iyun kuni Qatarda joylashgan AQSh bazasiga raketa bilan zarba berdi.
24 iyun kuni esa Isroil va Eron o‘rtasida tinchlikka erishilgani ma’lum qilindi.