Rossiya armiyasi Ukrainaning Donesk viloyatidagi Shevchenkovo posyolkasini o‘z nazoratiga oldi. Bu haqda Rossiya mudofaa vazirligi ma’lum qildi.
Le Figaro gazetasining yozishicha, ushbu posyolkada Ukrainaning eng boy litiy koni joylashgan.
Ukraina Milliy fanlar akademiyasiga ko‘ra, 40 gektar hududni egallagan konda 90 foizga qadar litiy rudasi zaxirasi mavjud. Ushbu qimmatli ma’danni u qadar katta sarmoyasiz qazib olish mumkin. Bundan tashqari, ushbu hududda tantal, niobiy, berilliy, seziy, rubidiy kabi qimmatli ma’danlar zaxirasi saqlanadi. Dunyo miqyosida elektronika va boshqa texnologiyalarni ishlab chiqarish uchun qimmatli ma’danlarga talab oshib borayotgan bir vaqtda Shevchenkovo koni strategik ahamiyatga ega ob’ekt sanaladi.
Avvalroq Rossiya armiyasi Ukrainaning Zaporojye viloyatidagi Krutaya Balka litiy konini ham bosib olgandi. Shu tariqa hozirda Moskva Ukrainaning to‘rt yirik litiy konlaridan ikkitasini nazorat qilmoqda. Qolgan ikki litiy koni (Dobra va PoloxovskoYE) Kirovograd viloyatida joylashgani va ushbu ob’ektlardan litiyni qazib olish katta sarmoya talab etishi aytiladi.
1991 yil holatiga ko‘ra, Ukrainaning umumiy litiy zaxirasi 500 ming tonna deb baholangan. Ammo urushga qadar litiy konlarida sanoat miqyosida qazib olish ishlari boshlanmagan edi.
Ekspertlar strategik ahamiyatga ega litiyning ahamiyati tobora oshib borayotgani va kelajakda aynan ushbu ma’dan uchun urushlar ro‘y berishini aytib keladi.
Qayd etish joizki, AQSh prezidenti Donald Tramp Ukraina konlariga, xususan, litiy kabi muhim ma’danlarga qiziqish bildirib kelmoqda.
Avval xabar berganimizdek, joriy yil 30 aprel kuni Vashington va Kiyev bir necha oyga cho‘zilgan diplomatik tortishuvlardan keyin Ukrainaning foydali qazilmalarini tasarruf etishga doir shartnomani imzoladi.
Hujjatga muvofiq, Vashington va Kiyev Ukrainani tiklash va sarmoyalar jalb etish bo‘yicha qo‘shma jamg‘arma tuzadi. Ukraina hududidagi barcha foydali qazilmalar Kiyev ixtiyorida qoladi. Jamg‘arma esa «50/50» tamoyili asosida ishlaydi, ya’ni boshqaruvda ham, foydada ham tomonlar teng ovozga ega bo‘ladi.
Oq uy ma’muriyati Ukrainaga foydali qazilmalarga oid bitim imzolash borasida kuchli bosim o‘tkazdi. Jumladan, prezident Tramp AQSh Ukrainaga urush boshlanganidan buyon 350 milliard dollar ko‘mak berganini aytib, Kiyev hukumatidan foydali qazilmalari orqali 500 milliard dollar kompensasiya qaytarishni talab qildi.
Prezident Zelenskiy esa AQSh Ukrainaga 350 milliard dollar emas, balki 100 milliard dollar bergani, uni ham qarz emas, grant sifatida ajratganini bildirdi.
«Men o‘n avlod ukrainaliklar yelkasida yuk bo‘ladigan bitimni imzolamayman», – deya Vashington taklif etgan ilk hujjatga imzo chekishdan bosh tortdi Zelenskiy.
Joriy yil 28 fevral kuni Vashington va Kiyev o‘rtasida foydali qazilmalarga doir bitim imzolashi rejalashtirilgan Oq uydagi uchrashuv Tramp va Zelenskiyning misli ko‘rilmagan diplomatik ziddiyati bilan yakunlangani ma’lum.
Ma’lumot o‘rnida: joriy yil iyun oyida Ukraina hukumati Dobra konida xorijiy xususiy shirkatlar ish boshlashiga ruxsat berdi. Ushbu konni o‘zlashtirish bilan bog‘liq loyihada Trampning yaqin do‘sti milliarder Ronald Lauder asosiy sarmoyador bo‘lishi xabar qilingan.