Rossiyaning Ozarbayjondagi vaqtinchalik ishlar bo‘yicha vakili Pyotr Volokovix Ozarbayjon Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga chaqirildi. U Yekaterinburgda ozarbayjon diasporasi a’zolarining qo‘lga olinishi bo‘yicha vaziyat yuzasidan tushuntirish berdi. Bu haqda Rossiya TIV rasmiy vakilasi Mariya Zaxarova ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Volokovix ozarbayjon tomonini ishontirib, vaziyat Rossiya huquqni muhofaza qiluvchi organlarining nazoratida ekanini ta’kidlagan.
Avvalroq Sverdlovsk viloyati bo‘yicha Rossiya Terguv qo‘mitasi Boshqarmasi izoh bergan edi. Ma’lumotlarga ko‘ra, qo‘lga olishlar Yekaterinburgda 2001, 2010 va 2011 yillarda sodir etilgan bir qator odam o‘ldirish va o‘ldirishga suiqasd ishlari bo‘yicha tergov doirasida amalga oshirilgan. Terguv ma’lum qilishicha, gumondorlar — Rossiya fuqarolari bo‘lib, millat jixatidan ozarbayjonlardir.
SK ma’lum qilishicha, bir nechta gumondorlar aybini tan olgan va tergov bilan hamkorlik qilmoqda. Ularning uylarida tintuv o‘tkazilgan. Ehtiyot chorasi masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Shuningdek, ularning boshqa jinoyatlarga aloqadorligi tekshirilmoqda. Jinoyat ishi buyurtma asosida odam o‘ldirish va guruh bo‘lib o‘ldirishga urinish moddalari bo‘yicha qo‘zg‘atilgan.
Avvalroq Ozarbayjon TIV Rossiya kuch tuzilmalari harakatlaridan norozilik bildirgan edi. Vazirlik ma’lum qilishicha, reydlar paytida ikki nafar ozarbayjonlik halok bo‘lgan, to‘qqiz kishi qo‘lga olingan, bir nechtasi og‘ir jarohat olgan.
OAV ma’lumotlariga ko‘ra, so‘z 2001 yildagi Yunis Pashayev o‘ldirilishi bo‘yicha tergov haqida ketmoqda. Yekaterinburgda 50 dan ortiq ozarbayjonlik, jumladan Safarovlar oilasi a’zolari qo‘lga olingan. Ikki aka — Ziyoddin va Husayn Safarovlar halok bo‘lgan. Yana bir nechta shaxs shifoxonaga yotqizilgan.
Ozarbayjon Rossiyadan sodir bo‘lgan voqealarni to‘liq tergov qilishni talab qildi.