O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi so‘nggi paytlarda mahalliy hokimlarning fuqarolarning xonadonlariga kirib, ularga obodonlashtirish borasida turli talablar qo‘yayotganligi yuzasidan bayonot e’lon qildi.
Xususan, fuqarolarning sha’ni va qadr-qimmati, shaxsiy hayoti hamda uy-joy daxlsizligi kabi konstitusiyaviy huquqlariga rahna solinayotgani, qandaydir talablar bajarilmagan taqdirda xonadonlarga «Uyatli xonadon», mahallalarga esa «Sharmandali mahalla» kabi tamg‘alar o‘rnatilishi haqidagi xabarlar odamlar e’tiroziga sabab bo‘layotgani ta’kidlandi.
Partiya bunday xatti-harakatlar Konstitusiyada belgilangan huquqlar va kafolatlarga mos kelmasligini ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, xonadonlarni, ko‘cha va mahallalarni obod qilish ezgu tashabbus bo‘lsa-da, bu ishlar shaxsiy namuna, ijtimoiy hamkorlik, qonun va inson qadriga hurmat hamda amaliy yordam asosida tashkil etilishi lozim.
Shuningdek, mahallalar va xonadonlar obodligi yo‘l, ichimlik suvi, elektr va gaz ta’minoti, muhandislik kommunikasiyalari hamda chiqindilarni o‘z vaqtida olib chiqish kabi masalalarning samarali hal etilishi bilan ham bog‘liq ekani qayd etildi. Partiya mahalliy hokimliklar va mas’ul tashkilotlarni o‘z qonuniy majburiyatlarini o‘z vaqtida va sifatli bajarishga chaqirdi.
«O‘z hududida davlat tashkilotlari tomonidan amaliy g‘amxo‘rlik va real o‘zgarishlarni ko‘rgan yurtdoshlarimizda xonadonlar va atrof-muhitni obod qilishga intilish o‘z-o‘zidan kuchayishiga ishonchimiz komil», — deyiladi bayonotda.
XDP fikricha, insonning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitish hamda qonunchilikda nazarda tutilmagan ma’muriy choralarni qo‘llashga urinish demokratik huquqiy davlat boshqaruvi tamoyillariga zid.
Partiya mutasaddilarni aholi bilan muloqotda fuqarolarning qadr-qimmati, sha’ni va obro‘sini kamsituvchi usullardan voz kechib, qonun ustuvorligi, inson qadri, ijtimoiy tenglik va ijtimoiy sheriklik tamoyillariga amal qilishga chaqirdi.