Bosniyalik 39 yoshli markaziy hujumchi Edin Jeko Ispaniya chempionatiga ketishi mumkin. Tajribali hujumchini "Real"ning yangi bosh murabbiyi Xabi Alonso o‘z safiga qo‘shib olmoqchi.
Todofichajes portali xabariga ko‘ra, ispaniyalik mutaxassis jamoada o‘yinni kuchaytirish uchun zaxiradan maydonga tushishi mumkin bo‘lgan taran tipidagi hujumchini ko‘rmoqchi. "Qaymoqranglilar" Jekoni tekinga qo‘lga kiritishi mumkin, chunki uning Turkiyaning "Fenerbaxche" klubi bilan shartnomasi iyun oyida tugaydi.
Hujumchi Superliganing o‘tgan mavsumida "kanareykalar" safida 35 ta o‘yin o‘tkazdi. Edin o‘z hisobiga 14 ta gol va to‘rtta assist yozdirib qo‘ydi.