Madridning «Real» klubi sobiq bosh murabbiyi Xabi Alonso Angliya klubiga tayinlanish borasidagi muzokaralar uchun Nottingemga yetib keldi. Bu haqda Britaniya OAVlari xabar bermoqda.
Manbalarning ma’lum qilishicha, ispaniyalik mutaxassis «Nottingem Forest» bilan kelishuvga erishishga juda yaqin turibdi. Xabar qilinishicha, u jamoa boshqaruvida yaqindagina iste’foga chiqarilgan Shon Daychning o‘rnini egallashi mumkin.
Xabi Alonso 2026 yilning 12 yanvar kuni, yetti oylik faoliyatidan so‘ng Madridning «Real» klubi bosh murabbiyligidan bo‘shatilgan edi. Klub rahbariyatining bunday qarori jamoaning beqaror natijalari, xususan, Ispaniya Superkubogi finalida «Barselona»dan qabul qilingan mag‘lubiyatdan (2:3) so‘ng qabul qilingan.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yilning yozida Madrid klubiga tayinlangunga qadar Alonso Germaniyaning «Bayer» jamoasida muvaffaqiyatli faoliyat yuritgan. U 2023/2024 yilgi mavsumda Leverkuzen klubini o‘z tarixidagi ilk Germaniya chempionligiga, shuningdek, mamlakat Kubogi va Superkubogidagi g‘alabalarga yetaklagan edi.