"Real" hujumchisi Vinisius Junior Chempionlar ligasi umumiy bosqichi 7-turida "Monako" ustidan qo‘lga kiritilgan yirik g‘alaba (6:1) haqida fikr bildirdi.
"Oxirgi bir necha kun oson o‘tmadi, ammo shuni ayta olamanki, maydondan tashqari joylarda e’tibor markazida bo‘lishni aslo yoqtirmayman. Biroq bu kecha juda baxtli o‘tdi. Ana shunday o‘yin ko‘rsatsak, bu mavsumda juda ko‘p narsaga erishishimiz mumkin.
Bir necha bor sheriklarimga golli uzatma berganimdan keyin, ularning barchasi bir ovozdan: «Endi o‘zing ham albatta gol urishing kerak», deb aytishdi. Chunki biz shunchaki jamoa emasmiz. Biz — oilamiz. Shu sabab gol urganimda his-tuyg‘ular ajoyib bo‘ldi. Agar bu mavsumda nimadir alohida narsaga erishmoqchi bo‘lsak, aynan shunday o‘ynash kerak", — deya Vinisiusning so‘zlarini keltirdi UEFA matbuot xizmati.
Ushbu natijadan so‘ng "Real" 15 ochko bilan Chempionlar ligasi umumiy bosqichi turnir jadvalida ikkinchi o‘rinda bormoqda. "Monako" esa 9 ochko bilan 20-pog‘onani egallab turibdi.