O‘zbekistonning hududlar kesimidagi tashqi savdo aylanmasi 2025 yilning yanvar–aprel oylarida 13 mlrd dollardan oshib, eng katta ulush Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri keldi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, poytaxtning tashqi savdo aylanmasi 8 mlrd dollardan oshdi. Undan keyingi o‘rinlarni Toshkent viloyati (1,8 mlrd dollar) va Samarqand hamda Andijon viloyatlari (har biri 1,2 mlrd dollar) egalladi.
Farg‘ona viloyatida 678,5 million, Jizzaxda 528,4 million va Navoiyda 526,8 million dollarlik tashqi savdo amalga oshirilgan. Bu hududlar savdo faolligi bo‘yicha o‘rta darajadagi ko‘rsatkichlarni qayd etgan.
Savdo aylanmasi eng kam bo‘lgan hududlar sifatida Qoraqalpog‘iston (208,8 mln dollar), Sirdaryo (246,7 mln), Xorazm (251,4 mln) va Surxondaryo (271,6 mln) viloyatlari qayd etildi.
Qashqadaryo viloyatining tashqi savdo hajmi 316,1 million dollarni tashkil etgan bo‘lsa, Buxoro viloyati 461,3 million dollarlik savdo ko‘rsatkichi bilan ro‘yxatning o‘rta qismida joylashgan.
Bu raqamlar hududlar iqtisodiy faolligi, eksport-import salohiyati va logistika imkoniyatlarining turlicha ekanini ko‘rsatadi. Xususan, Toshkent shahrining yuqori ulushi undagi iqtisodiy markazlar, korxonalar jamlangani bilan izohlanadi.