Ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro viloyatida bo‘z echkiemarga nosvoy chektirilib, qiynalgani aks etgan video tarqaldi. Holat viloyat Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi, viloyat prokuraturasi hamda ichki ishlar organlari xodimlari bilan hamkorlikda o‘rganildi. Natijada holat Jondor tumanida yashovchi fuqaro — G‘.G‘. tomonidan sodir etilgani va echkiemar qo‘yib yuborilgani aniqlandi.
Ma’lumot uchun, bo‘z echkiemar zaif, kamayib borayotgan kenja tur hisoblanadi va O‘zbekiston Qizil kitobi hamda CITESning I Ilovasiga kiritilgan.
Huquqbuzarga nisbatan hayvonlarga shafqatsiz munosabatda bo‘lganlik uchun viloyat IIB tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 111-moddasi 1-qismiga nisbatan bayonnoma rasmiylashtirilib, ichki ishlar organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilmoqda.