O‘zbekistonda yirik qurilish tashkilotlari tomonidan bajarilgan qurilish ishlari hajmi ortib bormoqda. Joriy yilning to‘rt oylik natijalariga ko‘ra, ularning bozordagi ulushi yana o‘sdi.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil yanvar-aprel oylarida yirik korxonalar tomonidan 17 trln so‘mlik qurilish ishlari amalga oshirilgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 26,1 foizga ko‘pdir.
Shuningdek, yirik tashkilotlarning umumiy qurilish ishlaridagi ulushi 2024 yildagi 20 foizdan 22,9 foizgacha oshgan. Bu esa bozorda ularning qaytadan faollashganini anglatadi.
Solishtirma tahlillarga ko‘ra, yirik qurilish korxonalarining ulushi 2022 yilda 25,9 foizni, 2023 yilda 25,3 foizni tashkil etgan edi. 2024 yilda esa keskin pasayib, 20 foizga tushgan. Biroq 2025 yilda bu ko‘rsatkich qayta o‘sishga yuz tutgan.
Bu dinamika yirik qurilish kompaniyalarining bozordagi faolligi tiklanayotgani va davlat buyurtmalaridagi ishtiroki kuchayayotganini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, qurilish sohasidagi umumiy faollikning yuqori sur’atlarda o‘sishi qayd etilmoqda.