Putin va Uitkoff Ukraina masalasi bo‘yicha murosaga erisha olmadi — Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov.
Kremlda Ukrainadagi urushni tinch yo‘l bilan hal etish masalasida Rossiya va AQSh o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Rossiya ommaviy axborot vositalari xabariga ko‘ra, uchrashuv deyarli besh soat davom etgan.
Muzokaralarda Rossiya tomonidan prezident Vladimir Putin, uning yordamchisi Yuriy Ushakov va prezidentning maxsus vakili Kirill Dmitriyev ishtirok etdi. Qo‘shma Shtatlar tomonidan esa muzokaralarda AQSh prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff va Donald Trampning kuyovi Jared Kushner qatnashdi.
Ushakovning ta’kidlashicha, Vladimir Putin Vashingtonning qator takliflariga nisbatan “tanqidiy, hatto salbiy munosabatda” ekanini yashirmagan. Uning aytishicha, uchrashuvda “aniq hududiy masalalar” ham muhokama qilingan.
"Hozircha murosa varianti topilmadi. Biroq amerikaliklar tayyorlagan ayrim takliflar shunchaki qabul qilib bo‘lmas emas, ma’lum ma’noda qabul qilinishi mumkin. Lekin ularni muhokama qilish kerak. Bizga taklif etilgan ba’zi ifodalar mos kelmaydi. Demak, ish davom etadi", — deya ta’kidladi Putin yordamchisi.
Ushakov, shuningdek, delegasiyalar uchrashuvini juda “foydali, konstruktiv va mazmunli” deb atadi. Jurnalistlar “ushbu muzokaralardan so‘ng tinchlik yaqinlashdimi yoki uzoqlashdimi?” deb so‘raganida, u: "Aniqki, uzoqlashmadi. Biroq ham Vashingtonda, ham Moskvada hali juda katta ish oldinda turibdi", — deb javob berdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, suhbat “butunlay yopiq, maxfiy” shaklda o‘tgan va muzokaralarning asl mazmuni oshkor etilmaydi. AQSh vakillari Rossiya prezidenti bilan uchrashuv natijalari haqida Donald Trampga “shaxsan” hisobot beradi, shundan so‘ng, ehtimol, keyingi muhokamalar uchun Moskva bilan telefon orqali yana bog‘lanishadi.