O‘zbekistonda o‘simlik yog‘ini majburiy raqamli markirovkalash tizimini joriy etish taklif qilinmoqda. Soliq qo‘mitasi tomonidan ishlab chiqilgan tegishli Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
Loyihaga ko‘ra, 2027 yil 1 iyuldan mamlakatda ishlab chiqariladigan va import qilinadigan o‘simlik yog‘lari maxsus identifikasiya vositalari orqali raqamli markirovkalanishi nazarda tutilmoqda.
Talab kungaboqar, paxta, soya, raps, zaytun, palma va boshqa turdagi o‘simlik yog‘lariga tatbiq etilishi rejalashtirilgan.
Markirovka uchun mahsulot qadog‘iga ikki o‘lchovli raqamli kod tushiriladi. U bevosita qadoqqa bosilishi yoki qayta ishlatib bo‘lmaydigan maxsus stiker shaklida joylashtirilishi mumkin. Kod iste’molchiga ko‘rinadigan va qadoqni ochmasdan skaner qilish mumkin bo‘lgan joyga qo‘yilishi kerak.
O‘simlik yog‘ini ishlab chiqaruvchilar, import qiluvchilar, shuningdek, uni ulgurji va chakana sotuvchi tadbirkorlar «Asl belgisi» milliy axborot tizimiga ulanishi talab etiladi. Ular mahsulotning muomalaga kiritilishi, savdo jarayonidagi harakati va muomaladan chiqarilishi haqidagi ma’lumotlarni tizimga kiritib borishi kerak bo‘ladi.
Markirovkasiz sotilishi taqiqlangan mahsulotni kodsiz realizasiya qilish savdo qoidalarini buzish sifatida baholanishi va qonunchilikda belgilangan choralarga sabab bo‘lishi mumkin.
Hujjat ishlab chiquvchilarining qayd etishicha, yangi tizimdan asosiy maqsad — o‘simlik yog‘ini noqonuniy olib kirish, yashirin ishlab chiqarish va sotish holatlarining oldini olish, shuningdek, mahsulotning ishlab chiqaruvchidan iste’molchigacha bo‘lgan harakatini raqamlashtirish.