Raqobat qo‘mitasi kredit to‘lovlari bo‘yicha hisob-kitob mexanizmini iste’molchilar foydasiga qayta ko‘rib chiqish yuzasidan Markaziy bankka taklif yubordi.
Qayd etilishicha, ayrim banklarda kredit bo‘yicha oylik to‘lovdan ortiqcha to‘langan mablag‘lar asosiy qarzni kamaytirishga yo‘naltirilmasdan, tranzit hisobvaraqlarda saqlanib qolmoqda. Buning oqibatida asosiy qarz kamaymay, unga foiz hisoblanishi davom etmoqda.
Masalan, «O‘zsanoatqurilishbank» va «Hamkorbank»ning kredit shartnomalarida ortiqcha to‘lovni asosiy qarzga yo‘naltirish majburiyati aniq belgilangan.
Biroq, amalda ushbu talab bajarilmayotgani, ortiqcha mablag‘lar tranzit hisobvaraqda qolib, asosiy qarzga foiz hisoblanishi, bank mobil ilovalarida kredit to‘lovlari bilan bog‘liq jarayonlarni boshqarish imkoniyatlari yetarli emasligi ma’lum bo‘lmoqda.
Ortiqcha to‘langan mablag‘ning asosiy qarzga yo‘naltirilmasligi va unga foiz hisoblanishining davom etishi «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi Qonun talablariga zid hisoblanadi, — deyiladi xabarda.
Shuningdek, bank xizmatlari iste’molchilari bilan munosabatlarga oid Nizomga ko‘ra, oylik to‘lovdan ortiq kelib tushgan mablag‘, agar shartnomada boshqacha tartib belgilanmagan bo‘lsa, asosiy qarzni so‘ndirishga yo‘naltirilishi va kredit summasi qayta hisoblanishi lozim, bank dasturiy ta’minotidagi nosozliklar esa iste’molchi majburiyatlarining ortishiga olib kelmasligi kerak.
Natijada, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va intizomli kredit to‘lovchilarni rag‘batlantirish maqsadida Qo‘mita tomonidan Markaziy bankka quyidagi takliflar kiritildi:
• joriy amaliyot va xorijiy tajriba asosida bank xizmatlari iste’molchilari bilan munosabatlarga oid Nizomning ortiqcha to‘lovlarni asosiy qarzga yo‘naltirish tartibini belgilovchi 37-bandi talablarini iste’molchilar manfaatlaridan kelib chiqib qayta ko‘rib chiqish;
• kredit hisob-kitoblari, jumladan, muddatidan oldin to‘lash shartlarini bevosita qonun darajasida, xususan, «Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida»gi qonun bilan tartibga solish.