Ijtimoiy tarmoqlarda “jisini o‘zgartirishga ruxsat berildi...”, “endi kim jisini o‘zgartirsa, u familiya, ism va otasining ismini ham o‘zgartirishi mumkin...” mazmunidagi xabarlar tarqalmoqda.
Bunda familiya, ism va otasining ismini o‘zgartirish masalasi yuzasidan quyidagilar ma’lum qilinadi:
Qonunchilikka muvofiq bolaning tug‘ilishini qayd etish vaqtida uning jinsiga oid ma’lumotlar tibbiyot muassasasi tomonidan beriladigan tibbiy guvohnoma asosida yoziladi.
Biroq har yili o‘rtacha 5–6 nafar bola jinsi noaniq holatda tug‘ilishi holati uchrab turadi, bunda dastlabki tekshiruvlar bolaning jinsini “o‘g‘il” yoki “qiz” deb ko‘rsatsa-da, keyinchalik bola 5–10 yosh, ayrim holatlarda esa 10–16 yoshdan oshganda bolaning jinsi “o‘g‘il” emas, “qiz” ekanligi yoki aksincha “qiz” emas, “o‘g‘il” ekanligi aniqlanmoqda.
Shu kabi holatlarda tibbiyot muassasasining xulosasi bilan jinsga oid ma’lumotlarga tuzatish kiritiladi.
Ma’lumot uchun: bu kabi holatlarda jinsini tuzatish mumkinligi Oila kodeksining 229-moddasida belgilangan bo‘lib, mazkur huquqiy normalar yangidan joriy etilmagan, aksincha 1998 yil 1 sentyabrdan buyon amalda hisoblanadi.
Bu borada qonunchilik hujjatlarida ayrim huquqiy bo‘shliqlar mavjud bo‘lgan.
Misol tariqasida, 2008 yilda tug‘ilgan bolaning jinsini aniqlash imkoni bo‘lmasdan “o‘g‘il” deb yozilgan va o‘g‘il bolaning ismi qo‘yilgan. Keyinchalik bola 16 yoshga to‘lgach, tibbiy tekshiruvlarda uning jinsi “qiz” ekanligi aniqlanib, tibbiyot muassasasining xulosasiga asosan jinsiga oid ma’lumotlarga tuzatish kiritilgan. Biroq ushbu xulosa asosida uning familiya, ism va otasining ismini qiz bolalarga mos ravishda o‘zgartirish imkoni bo‘lmagan.
Mazkur huquqiy bo‘shliqlarni bartaraf etish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 12 iyundagi 362-son qarori qabul qilinib, tibbiyot muassasasining xulosasiga asosan jinsiga oid ma’lumotlar tuzatilganda bolaning familiya, ism va otasining ismini jinsiga mos ravishda o‘zgartirishi belgilandi.