Bugun 23 sentyabr, 2025 yil, seshanba

КИР

Trampning boshiga ham Baydenning kuni tushdi

Trampning boshiga ham Baydenning kuni tushdi

AQSh prezidenti Donald Tramp yana mamlakatlar nomini chalkashtirib yubordi.

“Biz Kambodja va Armaniston o‘rtasidagi ziddiyatni to‘xtatdik. U endigina boshlangan va juda yomon ixtilof edi. Buni o‘ylab ko‘ringlar”, – degan Tramp 20 sentyabr kuni AQShning Cornerstone instituti tashkil etgan tadbirdagi chiqishida.

Dunyodagi ko‘plab urushlarni to‘xtatganini iddao qilib kelayotgan Tramp bu o‘rinda Kambodja va Tailand yoki Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi ziddiyatni bartaraf etgani haqida gapirmoqchi bo‘lganini taxmin qilish mumkin.

AQSh prezidenti 18 sentyabr kuni Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer bilan birgalikdagi matbuot anjumanida ham urushlarni to‘xtatayotgani haqida maqtanar ekan, qovun tushirgan, ya’ni “Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi ziddiyat” deyish o‘rniga “Obarbayjon va Albaniya o‘rtasidagi ziddiyat” degan edi.

79 yoshli Tramp so‘nggi vaqtlarda davlatlar nomlari, jug‘rofiy atamalar borasida bir necha bor xatolikka yo‘l qo‘ydi.

Siyosatchi joriy yil 20 avgust kuni jurnalist Mark Levinga bergan intervyusida Qrim haqida chalkash fikrni ilgari surgan. Jumladan, Qrim sohilini okean yuvib turishi, Qrim kattaligi bo‘yicha Texas shtatiga teng ekanini aytgan.

Aslida, Qrim sohilini okean emas, balki Qora dengiz yuvib turadi. Qolaversa, 27 ming kvadrat metr maydonni egallagan mazkur yarim orol hududi bo‘yicha Texas shtatidan o‘n baravar kichkinadir.

Tramp avgust oyida o‘tkazilgan brifingda ham Putin bilan uchrashgani Rossiyaga ketayotgani haqida gapirgan. Oq uy mulozimlari keyinroq “Prezident aslida Alyaskada, ya’ni AQSh hududida o‘tadigan uchrashuv haqida gapirdi” deya izoh berishga majbur bo‘lgan.

Iyul oyida esa Liberiya prezidenti Jozef Boakayning inglizchada mukammal gapirishidan hayratga tushgan Tramp undan bunchalik chiroyli gapirishni qayerda o‘rganganini so‘ragan. Ya’ni AQSh yetakchisi Liberiyada davlat tili ingliz tili ekanini yo bilmagan, yoki unutgan.

Trampning bu kabi xatolari ortidan ijtimoiy tarmoqlarda uning aqliy salohiyati borasida savollar yangramoqda.

Eslatib o‘tamiz, Tramp o‘tgan yili prezidentlik saylovi kampaniyasi davrida bir muddat unga raqiblik qilgan sobiq prezident Jo Baydenning poyintar-soyintar gaplari sabab uning aqliy qobiliyatini qayta-qayta shubha ostiga olgan edi. Shuningdek, u Baydenni aqliy qobiliyatni aniqlovchi testdan birgalikda o‘tishga chaqirgandi.

Tramp Baydenni “mamlakat tarixidagi eng yomon prezident” deb ham atagandi.

Avgust oyi oxirida ijtimoiy tarmoqlarda Donald Tramp vafot etgani haqida mish-mish tarqalgan va keyinroq u rad etilgan edi.

Ammo Oq uy tibbiy hisobotida AQSh prezidentida venoz yetishmovchiligi tashxisi qayd etilgani ma’lum. Ommaviy axborot vositalari Trampning qo‘lida ko‘karishni ham faol muhokama qilgan.

Darvoqe, aqliy salohiyat borasida tobora bir-biriga o‘xshab borayotgan Tramp va Baydenni mol-davlat borasida bir-biriga muqoyasa etib bo‘lmaydi.

Avval xabar berganimizdek, Bayden prezidentlikdan ketgach qo‘li kaltalik vajidan kamtarona hayot kechirishga majbur bo‘lmoqda.

Tramp esa hashamat va dabdabaga ko‘milib yashamoqda. “Forbes” nashri yozishicha, Trampning boyligi rekord darajaga (7,3 milliard dollar) yetgan. Jumladan, prezidentlik davrida uning boyligiga 3 milliard dollar qo‘shilgan.

Kiritildi: 13:33 22.09.2025. O'qildi: 1374 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!