O‘zbekistonda xodimlarning huquq va qadr-qimmatini himoya qilish, ish joylarida tazyiq, zo‘ravonlik va kamsitishning oldini olishga qaratilgan Milliy dasturni amalga oshirish boshlandi. Toshkentda davlat organlari, xalqaro tashkilotlar va rivojlanish bo‘yicha hamkorlarning 70 ga yaqin vakili ishtirokida dasturni amaliyotga joriy etish masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi rahbarining maslahatchisi, Inson kapitalini rivojlantirish loyihalar ofisi bosh koordinatori Nozimaxon Davletova har bir tashkilotda o‘zaro hurmat madaniyatini shakllantirish muhimligini ta’kidlab, o‘z nutqida shunday dedi:
«O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan qabul qilingan islohot tufayli biz har bir insonga, erkak yoki ayol bo‘lishidan qat’i nazar, idoralararo hurmatni shakllantirish mexanizmlarini yaratmoqdamiz. Bu har bir tashkilotda me’yorga aylanishi kerak. O‘zaro hurmat madaniyati Yangi O‘zbekistonimiz uchun sog‘lom jamiyat va kelajakning kuchli kadrlarini shakllantiradi».
📌 Dasturning muhim yangiliklari:
🔷 Joriy yil dekabriga qadar xodimlar ish joyidagi qonunbuzilishlar haqida anonim xabar berishi mumkin bo‘lgan «Xavfsiz va hurmatga asoslangan ish muhiti» raqamli portalini ishga tushirish rejalashtirilgan.
🔷 14 ta hududda 700 nafar fasilitator tayyorlanadi. Ular davlat tashkilotlarida inson resurslarini boshqarish va xavfsiz ish muhitini yaratish uchun mas’ul 35 ming nafar xodimni o‘qitadi.
🔷 Xodimlarning murojaatlarini ko‘rib chiqish va ko‘rilgan choralarni kuzatib borish mexanizmlari yo‘lga qo‘yiladi.
Tadbirda Oliy sud raisi Robaxon Mahmudova, Bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Artikova, BMTning Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA)ning O‘zbekistondagi doimiy vakili Nigina Abaszada va BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori Sabin Mal ham ishtirok etib, qonunchilikda belgilangan kafolatlarni amalda ishlaydigan mexanizmlarga aylantirish hamda idoralararo hamkorlikni kuchaytirish muhimligini ta’kidladilar.
✅ Milliy dastur Prezidentning 2026 yil 21 sentyabrdagi PQ–345-son qarori va Vazirlar Mahkamasining 2026 yil 28 sentyabrdagi 518-son qarori asosida amalga oshiriladi.