Sergey Lavrovning ta’kidlashicha, ISHID terrorchilik faoliyatini Rossiya va Markaziy Osiyoga o‘tkazish uchun Afg‘onistondan foydalanishga harakat qilmoqda.
Rossiya tashqi ishlar vaziri bu haqda Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi va Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) mintaqaviy xavfsizlik bo‘yicha konferensiyasida bayonot berdi. Vazirning so‘zlariga ko‘ra, jangarilar lagerlari Tojikiston, O‘zbekiston va Turkmaniston bilan chegaralar yaqinida faoliyat yuritib, qochqinlar va sayyohlar niqobi ostida bu mamlakatlarga kirib borishga urinmoqda.
Lavrov shuningdek, guruhlarning Markaziy Osiyo va Rossiyaga giyohvand moddalar savdosini tashkil etishga urinishlarini ham ta’kidladi. Vazirning qo‘shimcha qilishicha, Moskva Tojikistonga o‘z chegaralarini mustahkamlashga yordam berishda davom etmoqda va mintaqadagi barcha davlatlar, shuningdek, Tolibon bilan hamkorlik qilmoqda.