Bugun 12 oktyabr, 2026 yil, dushanba

КИР

O‘zbekistonda “Inson faxri” milliy mukofoti ta’sis etildi

O‘zbekistonda “Inson faxri” milliy mukofoti ta’sis etildi

O‘zbekistonda “Inson faxri” milliy mukofoti ta’sis etildi. Bu Vazirlar Mahkamasining 7 oktyabrdagi qarorida belgilandi.

Hujjatga ko‘ra, mukofot prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining taklifi asosida ta’sis etilgan. U jamiyat hayotining turli sohalarida, birinchi navbatda, ijtimoiy himoya yo‘nalishida jasorat, mardlik va fidoyilik ko‘rsatgan shaxslarni rag‘batlantirishga qaratilgan.

Shuningdek, inson qadrini ulug‘lashga xizmat qilgan, og‘ir hayotiy vaziyatdagi insonlarga yordam bergan hamda mamlakat taraqqiyoti va jamiyat farovonligiga munosib hissa qo‘shgan shaxslar ham mukofot bilan taqdirlanishi mumkin. Qarorga muvofiq, mukofot uchun jami 50 nafar nomzodning hujjatlari qabul qilinadi. Nomzodlarni saralash va g‘oliblarni aniqlash uch bosqichda amalga oshiriladi.

Dastlab mukofotning rasmiy veb-sayti yoki ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali nomzodlar haqidagi hujjatlar qabul qilinadi. Nomzodlar mustaqil ravishda ariza topshirishi yoki vazirlik va idoralar, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda jamoatchilik vakillari tavsiyasi asosida tanlovda qatnashishi mumkin.

Arizalar har yili 15 martdan 1 iyungacha qabul qilinadi. Ularga nomzodning ilmiy va ijodiy ishlari, amalga oshirgan loyihalari, erishgan yutuqlari hamda faoliyatini tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinadi. Ikkinchi bosqichda Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan davlat ijtimoiy buyurtmasi asosida jalb etilgan nodavlat notijorat tashkiloti huzuridagi ishchi guruh nomzodlarni o‘rganadi.

Ishchi guruh har yili 1 sentyabrga qadar nomzodlarning faoliyati va erishgan natijalarini tahlil qilib, eng munosib 50 nafar nomzod ro‘yxatini shakllantiradi. Ro‘yxat har bir nomzod bo‘yicha alohida xulosa bilan mukofot kengashiga taqdim etiladi.

Uchinchi bosqichda kengash saralangan nomzodlar orasidan mukofot g‘oliblarini tanlaydi. Yakuniy qaror har yili 1 oktyabrga qadar qabul qilinadi. Kengash tarkibiga fuqarolik jamiyati institutlari, jamoatchilik vakillari, davlat, madaniyat, san’at va sport arboblari, faol yoshlar hamda volontyorlar kiritilishi mumkin.

Mukofot g‘oliblari har yili 1 dekabrga qadar tantanali ravishda taqdirlanadi. Ularning har biriga statuetka, diplom va bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravari (8 million 800 ming so‘m) miqdorida bir martalik pul mukofoti topshiriladi. Bir shaxs ushbu mukofot bilan faqat bir marta taqdirlanishi mumkin.

Mukofot g‘oliblarini aniqlash va taqdirlash bilan bog‘liq tadbirlarni tashkil etish Ijtimoiy himoya milliy agentligi zimmasiga yuklatilgan. Xarajatlar Ijtimoiy himoya davlat jamg‘armasi mablag‘lari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.

Kiritildi: 23:54 11.10.2026. O'qildi: 213 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!