Toshkentda «O‘zbekistonda Germaniya iqtisodiyoti kuni» anjumani bo‘lib o‘tdi.
Ikki mamlakatning uch yuzdan ziyod yetakchi biznes va ishbilarmon doira vakillari, vazirliklar rahbarlari qatnashgan tadbirda O‘zbekiston–Germaniya iqtisodiy munosabatlarining imkoniyatlari va istiqbollari muhokama qilindi.
Malakali ishchi kuchi va logistika yechimlarining barqaror rivojlanishi mavzulari ishtirokchilar diqqat markazida bo‘ldi.
Anjumanda nutq so‘zlagan Germaniya Federativ Respublikasining mamlakatimizdagi fvqulodda va muxtor elchisi Manfred Huterer ikki davlat iqtisodiy robitalari kelajakdagi hamkorlik uchun ulkan salohiyatni ta’minlaydigan barqaror poydevorga qurilganini ta’kidladi.
Ikki davlat ishbilarmonlarining avvalgi uchrashuvida so‘nggi ikki yil ichida O‘zbekistonga kiritilgan Germaniya investisiyalarining umumiy hajmi qariyb 2 milliard yevroni tashkil etgani, olmon hamkorlar bilan birgalikda qiymati 10 milliard dollardan ziyod bo‘lgan 100 dan ortiq qo‘shma loyiha amalga oshirilayotgani ma’lum qilingandi.
O‘zaro hamkorlik Germaniya kansleri Olaf Sholsning yurtimizga tashrifidan keyin yanada jonlandi.
Avval xabar berganimizdek, joriy yil 16 sentyabr kuni Samarqand shahrida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Germaniya kansleri Olaf Shols ikki mamlakatning yetakchi kompaniya va banklari vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda yashil energetika, kimyo sanoati, yashil vodorod ishlab chiqarish, mashinasozlik, elektrotexnika, to‘qimachilik, farmasevtika sanoati va boshqa sohalarda sanoat kooperasiyasi o‘zaro manfaatli sheriklikning ustuvor yo‘nalishlari ekani qayd etilgan.
Shuningdek, energetika, transport-kommunikasiya, kommunal va turizm infratuzilmasi ob’ektlarini modernizasiya qilish, sanoat va xizmat ko‘rsatish korxonalarini xususiylashtirish dasturida ishtirok etish, shuningdek, mamlakatimizda sog‘liqni saqlash, ta’lim va ekologiya sohalarida ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni amalga oshirish ham hamkorlikning asosiy yo‘nalishlariga kiradi.
Tashrif doirasida 2024-2026 yillarga mo‘ljallangan Texnologik sheriklik va sanoat kooperasiyasi dasturi qabul qilingan, yetakchi korxonalar darajasida bir qator bitim va shartnomalar tuzilgan.
Yaqinda Germaniyaning nufuzli NTV mediakonserni veb-saytida chop etilgan maqolada qayd etilishicha, «Xorijiy investorlar va kompaniyalar uchun yaratilgan qulay muhit tufayli nemis kompaniyalarining O‘zbekistonga qiziqishi yildan-yilga ortib bormoqda. Birgina 2023 yilning o‘zida Germaniyadan 1 milliard yevrodan ortiq qiymatda mashina va uskunalar, avtomobillar va kimyo mahsulotlari eksport qilingan. O‘zbekistondan Germaniyaga oziq-ovqat va to‘qimachilik mahsulotlari, metall yetkazib berish yo‘lga qo‘yilgan».