O‘zbekistonda bir martalik plastik mahsulotlar muomalasini cheklash ko‘zda tutilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi .
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 17 dekabrdagi majlisida ekologik toza hududlarning maqomini belgilash, plastik mahsulotlarning muomalasini tartibga solishga qaratilgan qonun loyihasi muhokama qilingandi. Ushbu qonun loyihasi ekologik tizimlarni, tabiat ob’ektlarini asrash, saqlab qolish va himoyasini kuchaytirish, tabiiy ob’ekt va majmualar degradasiyasining oldini olishga qaratilgan.
Qonun loyihasida toza hudud rejimi amal qiladigan hududlarda ekologik tizimlar barqarorligining buzilishi va tabiiy landshaftlar ko‘rinishining o‘zgartirilishiga olib keladigan ishlarni amalga oshirishni taqiqlash ko‘zda tutilmoqda. Shuningdek, tabiiy organik polimer mahsulotlardan tashqari bir martalik plastik mahsulotlarni muomalada bo‘lishini cheklash belgilanmoqda. Bundan tashqari, polietilen polimer plyonkali paketlarning atrof-muhitga ta’sirini kamaytirishga qaratilgan normalar belgilanmoqda.
Ekologiya qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda yiliga 10,2 million tonna qattiq maishiy chiqindilar hosil bo‘lib, uning 10,3 foizini (1,05 million tonna) plastik chiqindilar tashkil etadi va respublikaning deyarli har bir hududida plastmassa buyumlari, jumladan, idish-tovoq va qop ishlab chiqaruvchi korxonalar mavjud. Mamlakat aholisi orasida plastik mahsulotlar, jumladan, polietilen paketlardan keng foydalanilmoqda.