O‘zbekistondagi banklar endi bank kartalaridan mablag‘larni «nolgacha» yechib ololmaydi — minimal qoldiq miqdori joriy etilmoqda.
Uzcard to‘lov tizimining xabar berishicha, 15 apreldan boshlab moliyaviy tashkilotlar tomonidan kreditlar, muddatli to‘lovlar (rassrochka), mikroqarzlar va boshqa majburiyatlar hisobiga mablag‘larni akseptsiz yechib olishda kartada kamida BHMning 3 baravari miqdori (1 mln 236 ming so‘m) qolishi shart.
Akseptsiz yechib olish — bu mablag‘larni har bir operasiya uchun alohida tasdiqsiz kartadan avtomatik ravishda yechib olinishi bo‘lib, u, odatda, banklar va boshqa moliyaviy tashkilotlar oldidagi majburiyatlarni bajarish (masalan, kreditlar, muddatli to‘lov yoki mikroqarzlar bo‘yicha) uchun qo‘llanadi va to‘lov intizomining bir qismi hisoblanadi.
Bu shuni anglatadiki, hatto qarzdorlik mavjud bo‘lgan taqdirda ham, yechib olish faqat belgilangan chegaradan ortiqcha bo‘lgan summa doirasida amalga oshiriladi va karta balansi nollashtirilmaydi. To‘lov tizimi ishtirokchi banklar bilan birgalikda zarur texnik yangilanishlarni allaqachon joriy etdi.
Biroq bu qoida mijozning o‘zi karta rekvizitlarini kiritib, to‘lovni bir martalik kod (OTP) bilan tasdiqlagan holatlarga taalluqli emas — bunday vaziyatlarda mablag‘ to‘liq hajmda yechib olinishi mumkin.
Cheklov to‘lov tizimlari darajasida o‘rnatilmoqda. Hozirgi vaqtda Uzcard ushbu yangilik haqida rasman e’lon qildi, shu bilan birga, yaqin orada Humo tizimidan ham xuddi shunday xabar berilishi kutilmoqda.