O‘zbekistonda bir qator davlat va xususiy xizmatlardan foydalanishda hujjatlarning asl nusxasini taqdim etish zarurati bartaraf etilmoqda. Fuqarolar ayrim jarayonlarda pasport, ID-karta va boshqa shaxsiy hujjatlarni smartfon orqali ko‘rsatishi mumkin.
Yangi tartibga muvofiq, my.gov.uz portali hamda «Ijtimoiy karta» mobil ilovasidagi elektron hujjatlar bank operasiyalarida, notarial xizmatlardan foydalanishda va mamlakat ichidagi aviaqatnovlarga ro‘yxatdan o‘tishda qabul qilinadi.
Shuningdek, aloqa operatorlari va lombardlar bilan shartnoma rasmiylashtirishda ham hujjatlarning elektron shaklidan foydalanish imkoniyati yaratilgan.
Yangilik faqat pasport va ID-karta bilan cheklanmaydi. Tug‘ilganlik hamda nikoh guvohnomalarining elektron ko‘rinishlari ham tegishli xizmatlarda qog‘oz hujjat o‘rnini bosishi mumkin.
Bundan tashqari, qon donorligi, harbiy hisobga qo‘yish, urush qatnashchilariga kompensasiya tayinlash va tibbiy-ijtimoiy muassasalarda pullik xizmatlar ko‘rsatish jarayonlarida ham elektron hujjatlardan foydalanish nazarda tutilgan.
Mazkur yangiliklar doirasida 33 ta idoraviy hujjatga tegishli o‘zgartirishlar kiritildi. Ular 2026 yil 20 oktyabr kuni Adliya vazirligida 3958 va 3959-sonlar bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.