Bugun 16 iyun, 2026 yil, seshanba

КИР

O‘zbekistonda 5 oyda 10,6 trln so‘m ipoteka kreditlari ajratildi

O‘zbekistonda 5 oyda 10,6 trln so‘m ipoteka kreditlari ajratildi

2026 yilning yanvar–may oylarida O‘zbekiston tijorat banklari tomonidan 34 ming 763 nafar fuqaroga uy-joy sotib olish uchun jami 10,6 trillion so‘m ipoteka krediti ajratildi. Bu 2025 yilning mos davriga nisbatan 2,6 trillion so‘mga ko‘pdir.

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, ipoteka kreditlarining o‘rtacha foiz stavkasi moliyalashtirish manbasiga qarab 16,8 foizdan 21,7 foizgacha shakllangan. Respublika byudjeti mablag‘lari hisobidan ajratilgan kreditlarda o‘rtacha stavka 16,8 foizni tashkil etgan bo‘lsa, O‘zIQMK mablag‘lari hisobiga berilgan kreditlarda bu ko‘rsatkich 21,5 foiz, bank mablag‘lari hisobidan ajratilgan kreditlarda esa 21,7 foiz bo‘lgan.

Kredit olganlarning 44 foizi ayollar, 56 foizi erkaklar hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu ipoteka bozorida har ikki qatlamning faol ishtirok etayotganini ko‘rsatadi.

Tahlillar ipoteka mablag‘larining asosiy qismi yangi qurilgan uy-joylarga yo‘naltirilganini ko‘rsatmoqda. Jami ajratilgan 10,6 trillion so‘mning 8 trillion so‘mi yoki 76 foizi birlamchi bozor hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Birlamchi bozor orqali 26 ming 495 nafar fuqaro ipoteka kreditidan foydalangan. Ikkilamchi bozorda esa 2,6 trillion so‘mlik kredit ajratilgan bo‘lib, undan 8 ming 268 nafar fuqaro bahramand bo‘lgan.

Hududlar kesimida eng ko‘p ipoteka krediti Toshkent shahrida ajratilgan. Poytaxt hissasiga 3 trillion 322 milliard so‘m to‘g‘ri keladi. Keyingi o‘rinlarda Andijon viloyati — 897 milliard so‘m, Qashqadaryo viloyati — 794 milliard so‘m va Farg‘ona viloyati — 682 milliard so‘m bilan qayd etilgan.

Ipoteka kreditlarini ajratishda «Xalq banki» yetakchilik qildi. Bank tomonidan 1 trillion 875 milliard so‘m ipoteka krediti berilgan. Keyingi o‘rinlarda «Agrobank» — 1 trillion 564 milliard so‘m va «Milliybank» — 1 trillion 484 milliard so‘m bilan joylashgan.

Yosh toifalari bo‘yicha ipoteka oluvchilarning 65 foizi yoki 22 ming 814 nafari 31–50 yosh oralig‘idagi fuqarolar hissasiga to‘g‘ri kelgan. 18–30 yoshdagilar ulushi 25 foizni, 51 yoshdan yuqori aholi ulushi esa 10 foizni tashkil etgan.

So‘nggi yillarda ipoteka bozori barqaror o‘sishni namoyon etmoqda. Agar 2021 yilda 9,8 trillion so‘m ipoteka ajratilgan bo‘lsa, 2025 yil yakunida bu ko‘rsatkich 21,2 trillion so‘mga yetgan. 2026 yilning dastlabki besh oyidayoq 10,6 trillion so‘mlik kredit ajratilishi uy-joy bozorida talab hali ham yuqori ekanini ko‘rsatmoqda.

Kiritildi: Bugun 19:51. O'qildi: 124 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!