Bugun 5 sentyabr, 2026 yil, shanba

КИР

O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston o‘rtasida degradasiyaga uchragan yerlarni tiklash bo‘yicha “Orol–Gobi” hamkorligini rivojlantirishga kelishildi

O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston o‘rtasida degradasiyaga uchragan yerlarni tiklash bo‘yicha “Orol–Gobi” hamkorligini rivojlantirishga kelishildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi — Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov Mo‘g‘ulistonning atrof-muhit va iqlim o‘zgarishi vaziri S. Sandag-Ochir bilan uchrashdi.

Uchrashuvda tomonlar atrof-muhitni muhofaza qilish, degradasiyaga uchragan yerlarni tiklash va iqlim o‘zgarishiga moslashish sohalarida hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlarini muhokama qildilar.

O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston bir qator o‘xshash ekologik muammolarga duch kelmoqda. Jumladan, cho‘llanish, yaylovlarning degradasiyasi, qurg‘oqchilik, qum va chang bo‘ronlarining kuchayishi kabi jarayonlar ekotizimlar, qishloq xo‘jaligi hamda aholining yashash sharoitlariga ta’sir ko‘rsatmoqda.

Uchrashuv yakunida “Qurg‘oqchil hududlar ekotizimlarini tiklash va qum hamda chang bo‘ronlarini kamaytirish bo‘yicha «Orol–Gobi» hamkorligi” (Aral–Gobi Partnership for Dryland Ecosystem Restoration and Sand and Dust Storm Reduction) tashabbusini birgalikda ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Birinchi bosqichda O‘zbekiston va Mo‘g‘ulistonda pilot hududlarni aniqlash, ishlarning ustuvor yo‘nalishlarini baholash va aniq loyiha takliflarini tayyorlash rejalashtirilmoqda. Bunda degradasiyaga uchragan yerlar va yaylovlarni tiklash, qum va chang bo‘ronlari xavfini kamaytirish, shuningdek, yer resurslarini barqaror boshqarish bo‘yicha amaliy yechimlarni joriy etishga alohida e’tibor qaratiladi.

O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston, shuningdek, qo‘shma loyiha takliflarini ishlab chiqish va xalqaro moliyalashtirishni jalb etishni rejalashtirmoqda. Bu boradagi ishlar, xususan, Adaptasiya jamg‘armasi, Global ekologik jamg‘arma (GEF), Yashil iqlim jamg‘armasi (GCF), Jahon banki va boshqa xalqaro moliyaviy mexanizmlar imkoniyatlaridan foydalanish orqali amalga oshiriladi.

Mo‘g‘ulistonning BMTning Cho‘llanishga qarshi kurashish to‘g‘risidagi konvensiyasiga (UNCCD) raislik qilishi qo‘shma tashabbuslarni ilgari surish uchun alohida imkoniyatlar yaratadi.

Hamkorlikning alohida yo‘nalishi sifatida Markaziy Osiyo va Mo‘g‘ulistonda yer resurslarini boshqarish bo‘yicha loyihalarni tayyorlash mexanizmini (CA+M Land PPF) tashkil etish ko‘zda tutilmoqda. Yangi mexanizm yerlarni tiklash bo‘yicha investisiyaga tayyor loyihalarni ishlab chiqishning amaliy vositasiga aylanishi kutilmoqda. U ustuvor hududni aniqlash va loyiha konsepsiyasini ishlab chiqishdan tortib, xalqaro moliyalashtirishni jalb etish uchun zarur bo‘lgan loyiha hujjatlarini shakllantirishgacha bo‘lgan jarayonlarni qamrab oladi.

Kiritildi: 15:49 04.09.2026. O'qildi: 636 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!