Bugun 20 may, 2026 yil, chorshanba

КИР

O‘zbekiston texnologik metallar kombinati Yevropaning yirik bankidan 50 mln yevrolik resurslarni jalb qilmoqda

O‘zbekiston texnologik metallar kombinati Yevropaning yirik bankidan 50 mln yevrolik resurslarni jalb qilmoqda

O‘zbekiston texnologik metallar kombinati (TMK) Buyuk Britaniyada o‘tkazilgan “Investorlar kuni” doirasida Yevropaning eng yirik moliyaviy institutlaridan biri — Société Générale bilan 50 million yevro miqdoridagi moliyaviy resurslarni jalb qilish bo‘yicha asosiy shartlar kelishuvi (Terms Sheet)ni imzoladi.

Mazkur kelishuv TMKning xalqaro kapital bozorlaridagi ishtirokini yangi bosqichga olib chiqishi, shuningdek, O‘zbekistonning kritik minerallar va texnologik metallar sanoatini global moliya tizimi bilan integrasiya qilish yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholanmoqda.

Hamkorlik doirasida uzoq muddatli kredit liniyalarini tashkil etish, savdo operasiyalarini moliyalashtirish, eksportga yo‘naltirilgan hamda chuqur qayta ishlash asosidagi sanoat loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, zamonaviy investision-bank mexanizmlarini joriy etish va xalqaro eksport-kredit agentliklari (ECA) bilan hamkorlikni kengaytirish masalalari nazarda tutilgan. Shuningdek, tomonlar ESG tamoyillari asosida “yashil” va barqaror ishlab chiqarish loyihalarini rivojlantirish hamda TMKning global moliya bozorlaridagi investision jozibadorligini oshirish bo‘yicha ham kelishuvga erishdi.

“Investorlar kuni” doirasida O‘zbekiston texnologik metallar kombinati delegasiyasi, shuningdek, J.P. Morgan, BlackRock, Wellington Management Company LLP, Ashmore Investment Management, T. Rowe Price Associates hamda AXA Investment Management kabi dunyoning yetakchi investisiya institutlari bilan ham muzokaralar olib bordi. Muloqotlar davomida TMK tomonidan xalqaro kapital bozorida yevrobondlarning muvaffaqiyatli joylashtirilishi, kompaniyaning kritik minerallar bozoridagi istiqbollari va yuqori qo‘shimcha qiymatga ega sanoat loyihalari xalqaro investorlar tomonidan yuqori baholandi.

Bundan tashqari, TMK xalqaro investisiyalar va strategik sanoat loyihalarini moliyalashtirishga ixtisoslashgan Kirkoswald Capital Partnership LLP kompaniyasi bilan ham anglashuv memorandumini imzoladi. Hujjat muhim xomashyo va texnologik metallar sohasida uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirish, xalqaro yetkazib berish zanjirlarini shakllantirish va qo‘shma investision loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutadi.

Bugungi kunda O‘zbekiston texnologik metallar kombinati “kon-metall-bozor” tamoyili asosida geologiya-qidiruv, qazib olish, qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarishni o‘z ichiga olgan yagona sanoat ekotizimini shakllantirmoqda. Kompaniya kritik minerallar va texnologik metallar yo‘nalishida xalqaro hamkorliklarni kengaytirish orqali O‘zbekistonni global sanoat va yashil iqtisodiyot uchun muhim xomashyo markazlaridan biriga aylantirishni maqsad qilgan.

Kiritildi: Bugun 20:17. O'qildi: 139 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!