O‘zbekistonda suv yo‘qotishlari oqibatida iqtisodiyotda yiliga 5 milliard dollar daromad boy berilmoqda. Bu haqida prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, suv resurslarining 20 foizi mamlakatda, katta qismi qo‘shni davlatlarda shakllanadi.
“Iqlim o‘zgarishi oqibatida suv manbalari yil sayin kamayib bormoqda. Transchegaraviy daryolarni boshqarish bo‘yicha vaziyat ham jiddiy. Bularning ta’sirida 2030 yilga borib yurtimizdagi suv tanqisligi 15 milliard kub metrga yetishi prognoz qilinayapti”, — deyiladi xabarda.
Respublikadagi jami suv resursining 90 foizi qishloq xo‘jaligida sarflanmoqda. Masalan, bir gektar paxta maydonini sug‘orish uchun yiliga 10-11 ming kubmetr suv sarflanadi. Iqlimi va yeri O‘zbekistonnikiga o‘xshash mamlakatlarda bundan 2-3 baravar kam suv ishlatilayapti.
“Suv xo‘jaligiga har yili o‘rtacha 1 milliard dollar mablag‘ yo‘naltirilmoqda. Bu soha byudjetdan mablag‘ olish bo‘yicha ta’lim, sog‘liqni saqlash va qishloq xo‘jaligidan keyin 4-o‘rinda turadi”, — deya qayd etildi yig‘ilishda.
Davlat rahbari bir yil davomida suvni tejash bo‘yicha favqulodda ish tizimiga o‘tilishini ta’kidladi.