Bugun 25 sentyabr, 2026 yil, juma

КИР

O‘zbekiston Saudiyani yirik hisobda yengib, Osiyo o‘yinlari yarim finaliga chiqdi

O‘zbekiston Saudiyani yirik hisobda yengib, Osiyo o‘yinlari yarim finaliga chiqdi

Osiyo o‘yinlarining futbol musobaqasida O‘zbekiston U-23 terma jamoasi Saudiya Arabistonini 3:0 hisobida mag‘lub etib, yarim finalga yo‘l oldi.

Ravshan Haydarov shogirdlari chorak final bahsini ishonchli boshladi va 12-daqiqadayoq hisobni ochishga muvaffaq bo‘ldi. Dilshodbek Murtazoyev raqib darvozasini ishg‘ol qilib, jamoamizni oldinga olib chiqdi — 1:0.

Birinchi bo‘lim qolgan qismida hisob o‘zgarmadi. O‘zbekiston minimal ustunlik bilan tanaffusga yo‘l oldi.

Ikkinchi bo‘limda ham terma jamoamiz o‘z ustunligini saqlab qoldi. Uchrashuvning 77-daqiqasida Azizbek To‘lqinbekov Saudiya Arabistoni darvozasiga ikkinchi golni urdi va jamoamizning yarim finalga chiqish imkoniyatini yanada oshirdi.

Bahs yakuniga yaqin esa hisob yirik ko‘rinish oldi. 87-daqiqada zaxiradan maydonga tushgan Firdavs Abdurahmonov raqib darvozasini ishg‘ol qilib, uchrashuvga nuqta qo‘ydi — 3:0.

Shu tariqa, O‘zbekiston U-23 Saudiya Arabistonini yirik hisobda mag‘lub etib, Osiyo o‘yinlarining ilk yarim finalchisiga aylandi.

Ravshan Haydarov jamoasi musobaqada hozircha mukammal natija qayd etmoqda. O‘zbekiston guruh bosqichida Filippinni 5:1, Quvaytni 2:0 va Vyetnamni 2:0 hisobida yenggan edi. Chorak finaldagi g‘alaba bilan jamoamizning ketma-ket g‘alabalari soni to‘rttaga yetdi.

Endi O‘zbekiston 30 sentyabr kuni final yo‘llanmasi uchun Yaponiya — KXDR juftligi g‘olibiga qarshi maydonga tushadi. Osiyo o‘yinlarining futbol bo‘yicha final bahsi esa 3 oktyabrga belgilangan.

Osiyo o‘yinlari. Chorak final

O‘zbekiston — Saudiya Arabistoni — 3:0

Gollar: Dilshodbek Murtazoyev, 12 — 1:0; Azizbek To‘lqinbekov, 77 — 2:0; Firdavs Abdurahmonov, 87 — 3:0.

Kiritildi: Bugun 11:57. O'qildi: 519 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!