Maktubda Xitoy Xalq Respublikasi va Xitoy Kommunistik partiyasining ulug‘ siyosiy namoyandasi sifatida Si Szinpin Vatan va xalqqa bo‘lgan cheksiz mehr-muhabbat, ulkan mas’uliyat hissi va uzoqni ko‘ra olishga asoslangan strategik tafakkur bilan mamlakat xalqini yangi marralar sari boshlab borayotgani ta’kidlandi.
“Sizning oqilona rahbarligingiz ostida Xitoy modernizatsiyasi izchil davom etmoqda, millatning buyuk tiklanishi va yuksalishiga qaratilgan siyosatingiz mamlakatingiz tarixiga yorqin sahifa sifatida yozilmoqda”,
– deyiladi maktubda.
O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlarning bugungi yuksak sur’atiga alohida e’tibor qaratildi. So‘nggi yillarda ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik, o‘zaro ishonch va barcha sharoitlardagi har tomonlama strategik sheriklik munosabatlari yil sayin mustahkamlanib borayotganini katta mamnuniyat bilan ta’kidlandi.
“Biz Yangi O‘zbekistonda olib borayotgan jadal islohotlarimizda Xitoy Xalq Respublikasi va shaxsan Sizning doimiy ko‘magingiz hamda qo‘llab-quvvatlovingizni yaqindan his qilib kelyapmiz”,
– deyiladi maktubda.
O‘tgan yillar davomida barcha asosiy sohalarda o‘zaro manfaatli va ko‘p pog‘onali hamkorlik mexanizmlari shakllantirilgani, “Bir makon — bir yo‘l” tashabbusi doirasida katta amaliy natijalarga erishilgani qayd etildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev umumiy sa’y-harakatlar va oliy darajadagi tashriflar davomida erishilgan barcha kelishuvlarni to‘liq amalga oshirish orqali O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi hamkorlikni yangi sifat bosqichiga ko‘tarish mumkinligiga ishonch bildirdi.
Yakunda davlatimiz rahbari Si Szinpinga mustahkam sog‘liq, oilaviy baxt-saodat, mas’uliyatli davlatchilik faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar, do‘st Xitoy xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik va bardavom taraqqiyot tiladi.