O‘zbekiston Qurolli Kuchlari tizimida havo sarhadlari xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan muhim tashkiliy o‘zgarish amalga oshirildi.
Bu haqda mudofaa vaziri general-mayor Shuhrat Xalmuhammedov ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlari qo‘mondonligi negizida Qurolli Kuchlar Harbiy havo kuchlari jangovar qo‘mondonligi tashkil etildi.
Ta’kidlanishicha, mazkur qaror qo‘shinlarni boshqarish tizimini soddalashtirish va tezkorligini oshirish imkonini bergan. Shuningdek, havo hujumidan mudofaa vositalari hamda aviasiya kuchlarini yagona markazlashgan boshqaruv ostida muvofiqlashtirib qo‘llash uchun sharoit yaratilgan.
Qayd etilishicha, keyingi yillarda qo‘mondonlik tarkibidagi harbiy qismlar jangovar shayligi oshirilib, ular uchuvchisiz uchish apparatlari, havo hujumidan mudofaa tizimlari va zamonaviy radiolokasiya stansiyalari bilan ta’minlangan.
Shu bilan birga, harbiy xizmatchilar, jumladan uchuvchilar, muhandis-texniklar va havo hujumidan mudofaa mutaxassislarining malakasini oshirish ishlariga alohida e’tibor qaratilmoqda.