BBC, «Mediazona» va ko‘ngillilar tomonidan olib borilgan hisob-kitoblarga ko‘ra, Ukrainadagi urush boshlanganidan beri halok bo‘lgan 226 055 nafar rossiyalik harbiyning shaxsi tasdiqlangan. Ular orasida 200 nafardan ortiq 18 yoshli yigitlar ham bor.
Shulardan biri — Alisher Svirin. U Ukrainadagi janglarda halok bo‘lgan 2008 yilda tug‘ilgan birinchi rossiyalik harbiy sifatida qayd etildi.
2022 yil 21 fevralda, Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukraina haqidagi mashhur murojaati bilan chiqqan kuni Alisher 14 yoshga to‘lgan edi. Moskva viloyatining Kolomna shahrida voyaga yetgan o‘smirning bolaligi boshqa tengdoshlarinikidan deyarli farq qilmagan.
Biroq oradan to‘rt yil o‘tib, 2026 yilda olingan suratlarda u harbiy libosda, qo‘lida Kalashnikov avtomati bilan tasvirlangan. Keyinchalik aynan shu surat uning dafn marosimida ko‘tarib yurilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Alisher shartnoma asosida xizmat qilgan va 2026 yil 1 may kuni Ukrainadagi urushda halok bo‘lgan. 28 may kuni u Moskva viloyatidagi Pavlovskiy Posad shahrida joylashgan Qahramonlar xiyobonida dafn etilgan.
Uning frontga qachon yuborilgani aniq emas. Biroq yoshini hisobga olganda, u harbiy xizmatni boshlaganiga uch oydan ham kam vaqt o‘tgan bo‘lishi mumkin.
Qisqa nekrologda qayd etilishicha, Alisher Svirin 123-alohida gvardiya moto‘o‘qchi brigadasida pulemyotchi bo‘lib xizmat qilgan.
Ukrainadagi urush davomida kamida 200 nafar 18 yoshli rossiyalik harbiy halok bo‘lgani tasdiqlangan. Alisher Svirin esa bu qurbonlar orasida 2008 yilda tug‘ilgan birinchi askar sifatida tarixga kirdi.