O‘zbekiston milliy terma jamoasi yozdagi mundialdan oldin Yevropa chempioniga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazishi kutilmoqda.
O‘zbekiston iyun oyi boshida Kanadaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazishi ancha oldin e’lon qilingandi. Bu bahsdan keyin Jahon chempionati boshlanguniga qadar Fabio Kannavaro boshchiligidagi jamoa Niderlandiya bilan o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazishi mumkin. O‘FA ayni paytda bu borada Niderlandiya Qirollik futbol uyushmasi bilan muzokara olib bormoqda. Bu haqda o‘zbekistonlik futbol mutaxassisi Alisher Nikimbayev 90minutuz podkastida aytib o‘tdi.
Ma’lumot uchun, Niderlandiya terma jamoasi mundialda "F" guruhida Yaponiya va Tunisga qarshi o‘ynaydi. Yana bir raqib pley-off orqali aniqlanadi.
Ayni paytda Niderlandiyani Ronald Kuman boshqarmoqda. Ushbu terma jamoa o‘z tarixida 3 marta Jahon chempionati finaliga qadar yetib borgan. 1988 yilgi Yevropa chempioni hisoblanadi.
O‘zbekiston terma jamoasi hozirga qadar Niderlandiyaga qarshi o‘yin o‘tkazmagan.