Saudiya Arabistoni Rivojlanish jamg‘armasi va FIFA rivojlanayotgan mamlakatlarda sport infratuzilmasiga moliyaviy ko‘mak berish uchun kuchlarni birlashtirmoqda, deya xabar tarqatdi FIFA matbuot xizmati.
«Rivojlanayotgan mamlakatlar va ularning FIFAga a’zo-assosiasiyalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha anglashuv memorandumi imzolandi.
Saudiya Rivojlanish Jamg‘armasi (SFD) tomonidan FIFA talablariga javob beradigan stadionlar va ularga tutash infratuzilmalarni barpo etish yoki yaxshilash uchun imtiyozli kreditlar shaklida 1 milliard AQSh dollarigacha mablag‘ ajratiladi.
Hamkorlik ijtimoiy integrasiyani kuchaytirish, yoshlar imkoniyatlarini kengaytirish va sport orqali iqtisodiy imkoniyatlar yaratish orqali barqaror rivojlanishga ko‘maklashishni maqsad qiladi.
Ushbu imtiyozli kreditlar yordamida SFD va FIFA milliy hokimiyat tuzilmalari bilan yaqin hamkorlikda ishlab, uzoq muddatli iqtisodiy barqarorlikka xizmat qiluvchi va mahalliy salohiyatni rivojlantiradigan loyihalarni amalga oshiradi. Bundan tashqari, tashabbus rivojlanish institutlari, xususiy sektor hamkorlari va mintaqaviy tashkilotlarni jalb qilish uchun start salohiyatini yaratadi. Bu rivojlanayotgan iqtisodiyotga ega davlatlarda sportni barqaror rivojlantirish bo‘yicha kengaytirilishi mumkin bo‘lgan model sifatida foyda beradi», — deyiladi FIFAning rasmiy saytida.
Ta’kidlash joizki, FIFA o‘zining «FIFA Forward» rivojlantirish dasturi orqali aynan «rivojlanayotgan futbol mamlakatlari»ga moliyaviy ko‘mak ko‘rsatib keladi. Ushbu ro‘yxatga, jumladan, O‘zbekiston va Qozog‘iston ham kirgan.