O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Koreya Respublikasiga davlat tashrifi doirasida mamlakatimiz Birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva Koreya Respublikasi Birinchi xonimi Kim Xe Gyon hamrohligida Koreya Milliy saroy muzeyiga tashrif buyurdi.
Muzey ekspozisiyasi orqali besh asrdan ortiq vaqt davomida Koreya siyosiy va madaniy hayotida alohida o‘rin tutgan Choson qirollik sulolasining ko‘p asrlik tarixi va boy madaniy merosi bilan tanishish mumkin.
O‘zbekiston Birinchi xonimiga sulola vakillarining qadimiy qo‘lyozmalari va she’riy asarlari, an’anaviy liboslar hamda o‘sha davrning turmush tarzi, an’analari va badiiy merosini aks ettiruvchi saroy madaniyatiga oid boshqa eksponatlar namoyish etildi.
Muzey ekspozisiyasi bilan tanishgandan so‘ng, Ziroat Mirziyoyeva va Kim Xe Gyon ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazdilar.
Samimiy va do‘stona ruhda o‘tgan suhbatda O‘zbekiston va Koreya xalqlarini ko‘p yillik do‘stlik, o‘zaro hurmat va madaniy mushtaraklikka asoslangan uzviy rishtalar bog‘lab turishi ta’kidlandi.