O‘zbekiston 2028 yilgacha o‘zining ilk ilmiy-texnik sun’iy yo‘ldoshini orbitaga chiqarishni rejalashtirmoqda. Bu haqda «O‘zkosmos» agentligi direktori o‘rinbosari Muxiddin Ibrohimov ma’lum qildi. Ayni paytda SpaceX kompaniyasi bilan muzokaralar olib borilmoqda.
Mazkur loyiha Yaponiyadagi Kyusyu texnologiya instituti bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Joriy yilda 7 nafar o‘zbekistonlik talabalar ushbu oliygohga magistraturaga yuborilgan. Ular o‘quv dasturi doirasida sun’iy yo‘ldoshni loyihalash, yig‘ish va uchirishga tayyorlash ishlarini amalga oshiradilar. Ta’lim 2027 yilda yakunlanishi, yo‘ldosh esa 2028 yilda uchirilishi kutilmoqda.
Ibrohimovning ta’kidlashicha, SpaceX bilan muzokaralar jadal kechmoqda. Yuqori talab va chegaralangan parvozlar tufayli ko‘plab mamlakatlar yillar oldindan o‘rin band qilishga majbur bo‘lmoqda. Shu boisdan O‘zbekiston uchun bu jarayonni hozirdan boshlash muhim sanaladi.
Avvalroq, O‘zbekiston va SpaceX o‘rtasida milliy kosmik dastur doirasida hamkorlik masalalari muhokama qilingani haqida xabar berilgan edi. Loyiha mamlakatning fan va texnika sohasidagi yangi bosqichga chiqishida muhim qadam bo‘lishi kutilmoqda.