AQSh Milliy standartlar va texnologiyalar instituti (NIST) fiziklari Marsdagi vaqt Yerdagidan qanday farq qilishini aniqladilar, deb xabar berdi The Astronomical Journal.
Ma’lum bo‘lishicha, «Qizil sayyora»da vaqt tezligi yil davomida o‘zgarib turadi.
Marsda kun Yerdagidan 40 daqiqa uzunroq, yil esa deyarli ikki baravar uzun. Bular avvaldan fanga ma’lum edi, shu bois olimlarni «qo‘shni» sayyoradagi soniyalar (sekundlar) tezligi ko‘proq qiziqtirdi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, Marsda soat Yerdagidan kuniga 477 mikrosekund tezroq yuradi. Ammo sayyoraning elliptik orbitasi va Quyoshning gravitasion ta’siri tufayli ular yiliga 226 mikrosekundga o‘zgarishi mumkin.
Fizik Bijunat Patlaning aytishicha, Marsda vaqt qanday kechishini tushunish kelgusi tadqiqot missiyalarida navigasiya va aloqani sinxronlash uchun muhim. Qolaversa, bu hisob-kitoblar kelgusida shu kabi GPS-tizimlarni Quyosh tizimidagi boshqa sayyoralar uchun ham ishlab chiqarish imkonini beradi.
Hozirda Yer va Mars o‘rtasidagi aloqa ushlanishi 4–24 daqiqani tashkil etadi. Vaqtning aniq sinxronlanishi kelgusida sayyoralar o‘rtasida ma’lumotlarni yo‘qotmasdan deyarli real vaqt tartibida «muloqot» qilishda yordam beradi.