Bugun 23 may, 2026 yil, shanba

КИР

O‘zbek jarrohi tomonidan ilk bor masofadan turib robot operasiyasi bajarildi

O‘zbek jarrohi tomonidan ilk bor masofadan turib robot operasiyasi bajarildi

Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

🤖Robot jarrohlik — bu oddiy texnologiya emas, balki inson aqlu zakovati, tibbiyot va raqamli taraqqiyotning o‘zaro uyg‘unligidir.

U — shifokorga eng nozik harakatlarni ham yuqori darajada aniqlik bilan bajarishga ko‘maklashib, bemorga kam jarohat yetkazishi hamda qisqa muddatda tiklanish imkonini berishi bilan ahamiyatlidir.

Jahon tibbiyotidagi murakkab amaliyot — endi O‘zbekistonda
Eng muhimi, endi masofalar chegara emas. Ayni paytda dunyo tibbiyoti shu qadar taraqqiy etdiki, bir davlatda turib boshqa mamlakatdagi bemorda murakkab robot jarrohlik amaliyotini o‘tkazish mumkin.

Quvonarlisi, bugun Yangi O‘zbekiston xirurgiyasi ham Prezidentimiz boshchiligida ana shunday yuqori bosqichga qadam qo‘ymoqda.

🏥Xususan, mamlakatimiz tibbiyoti tarixida ilk bor akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi mutaxassislari tomonidan masofaviy robot operasiyasi muvaffaqiyatli amalga oshirildi.

Xitoyning Uxan shahridagi “Robot jarrohligi haftaligi – 2026” xalqaro konferensiyasi doirasida o‘tkazilgan mazkur noyob amaliyot yosh jarroh Abdurashid Abdukarimov tomonidan yurtimizda davolanayotgan uch nafar bemorda masofadan turib bajarildi.

Mamlakatimiz tibbiyotida ulkan voqeaga aylangan bu jarayonlarni Xitoy va o‘zbekistonlik ko‘plab yosh mutaxassislar onlayn kuzatib bordi.

5 ming kilometr masofadan turib bajarilgan noyob operasiya

Albatta, bu orqali tibbiyotimiz taraqqiyotning yangi bosqichiga ko‘tarildi. Bir paytlar o‘zbek jarrohlari uchun orzu bo‘lgan robot yordamidagi murakkab operasiyalar endilikda nafaqat yurtimizda, balki 5 ming kilometr uzoqda joylashgan Chin yurtidan turib amalga oshirildi. Bu — Yangi O‘zbekiston xirurgiyasi tarixida yangi sahifa.

Bunday amaliyot dunyoning sanoqli davlatlaridagina o‘tkaziladi

Masofaviy robot xirurgiyasi nafaqat tibbiyotdagi ilmiy yutuq, balki bemorlar uchun ham katta imkoniyat. Aytish lozimki, bunday robot jarrohlik operasiyalari dunyoning sanoqli davlatlaridagina o‘tkaziladi.

Boisi bu kabi noyob amaliyotlar sun’iy intellekt, yuqori tezlikdagi internet tarmog‘i, zamonaviy texnologiyalar hamda yuqori malakali mutaxassislarni talab etadigan murakkab jarayondir. Muhimi, endi O‘zbekiston ham ana shu ilg‘or mamlakatlar safidan o‘rin oldi.

Umuman olganda, yurtimiz tibbiyotiga bunday zamonaviy robot texnologiyalarining tatbiq etilishi Yangi O‘zbekistonda inson qadrini ulug‘lash eng ustuvor maqsadga aylanganining amaliy ifodasidir.

Kiritildi: Bugun 09:41. O'qildi: 260 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!