Samarqandning “Dinamo” klubi O‘zbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi Jahongir O‘rozov bo‘yicha kelib tushadigan transfer takliflarini ko‘rib chiqishga tayyor. Bu haqda klub rahbariyati Eurasia Football nashriga ma’lum qildi.
Klub ma’lumotiga ko‘ra, 22 yoshli markaziy himoyachining shartnomasida belgilangan tovon puli 1 million AQSh dollarini tashkil etadi.
So‘nggi kunlarda O‘rozovga Yevropa klublari qiziqish bildirayotgani haqida xabarlar ko‘paydi. Germaniyaning Kicker nashri tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, futbolchi Myonxengladbaxning “Borussiya” klubi diqqat markazida bo‘lib, nemis jamoasi uni himoya chizig‘ini kuchaytirish uchun asosiy nomzodlardan biri sifatida ko‘rib chiqmoqda.
Futbolchining agenti Shahriyor Eshboyev ham avvalroq O‘rozovga Italiya, Germaniya, Turkiya, Niderlandiya hamda Rossiya klublaridan qiziqish mavjudligini ma’lum qilgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tomonlar Rossiyaning “Rubin” klubi taklifini rad etgan.
“Dinamo” klubida ta’kidlanishicha, O‘rozov hali ham amaldagi shartnoma asosida samarqandliklar safida harakat qilmoqda va ommaviy axborot vositalarida tarqalayotgan ma’lumotlarning katta qismi hozircha mish-mishlar darajasida qolmoqda.
- Har xil mish-mishlar juda ko‘p. Ular qayerdan chiqayotganini aytish qiyin. Futbolchining “Dinamo” bilan amaldagi shartnomasi bor. Biz uning tovon pulini 1 million dollar etib belgilaganmiz. Agar jiddiy qiziqish bo‘lsa, hamkorlik qilishga tayyormiz, - deyiladi Samarqand klubi rahbariyatining Eurasia Football nashriga bergan izohida.
Jahongir O‘rozov aslida “Bunyodkor” akademiyasi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi va professional faoliyatini ham aynan shu klub safida boshlagan.
2023 yilda u Turkiyaning “Eyupspor” klubiga ko‘chib o‘tdi. Biroq u yerda asosiy tarkibdan o‘rin egallay olmadi va faqat Turkiya kubogida bitta o‘yinda maydonga tushdi.
O‘zbekistonga qaytgach, O‘rozov Samarqandning “Dinamo” klubiga o‘tdi va qisqa vaqt ichida jamoaning asosiy himoyachilaridan biriga aylandi. Klub safidagi ishonchli o‘yinlari unga O‘zbekiston milliy terma jamoasidan joy olish imkonini berdi.
Himoyachi 2026 yilgi jahon chempionati uchun O‘zbekiston terma jamoasi qaydnomasiga kiritildi va mundialda ikki uchrashuvda ishtirok etdi. Uning terma jamoaga jalb etilishiga asosiy himoyachilardan biri Husniddin Aliqulovning og‘ir jarohati ham turtki bo‘lganini aytish joiz. Aliqulov mundialda ishtirok eta olmasligi aniq bo‘lgach, bosh murabbiy Fabio Kannavaro himoyachi o‘rniga aynan O‘rozovni taklif qildi.
Umuman olganda, Jahongir O‘rozov O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida hozirga qadar 6 ta o‘yin o‘tkazib, 1 ta gol urgan.