O‘tgan yilda xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirgan 483 nafar o‘zbekistonlikning jasadi O‘zbekistonga olib kelindi. Ularning 474 nafari Rossiyadan, qolganlari Turkiya, Koreya va Qozog‘istondan qaytarilgan. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migrasiya agentligi rahbariyati 17 yanvar kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.
Migrasiya agentligi boshqarma boshlig‘i Nigora Isroilovaning ma’lumotiga ko‘ra, xorijda vafot etgan fuqarolarning jasadlarini qaytarish xarajatlari davlat tomonidan qoplanadi.
Xarajatlar qaysi davlatdan qaytarilishiga bog‘liq holda o‘zgaradi. Rossiyadan jasad qaytarish uchun 1 000 AQSh dollari sarflansa, Angliyadan 4—5 ming dollar, Yaponiya yoki Koreyadan 9—10 ming dollargacha mablag‘ kerak bo‘ladi.
“O‘zbekiston fuqarosi bo‘lsa, bo‘ldi. Qayerda bo‘lishidan qat’i nazar, murojaat qilinsa, jasad vataniga qaytariladi”, — dedi Isroilova.