Rossiya Mudofaa vazirligi 2024-yil avgustidan buyon Ukraina Qurolli kuchlari nazoratida bo‘lgan Kursk viloyatidagi Sudja shahri qo‘lga olinganini rasman e’lon qildi. Matbuot xabarida, shuningdek, Rossiya bo‘linmalari Melovaya va Podol aholi punktlarini egallab olgani aytilgan.
Bir kun avval Rossiya kanallari Sudja markazidagi rossiyalik harbiylarning suratlari va videolarini chop etdi. Chorshanba kuni kechqurun Rossiya prezidenti Vladimir Putin Kursk viloyatidagi qo‘mondonlik shtablaridan biriga tashrif buyurgani ma’lum bo‘ldi.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy vaziyatni izohlar ekan, “Ukraina harbiy qo‘mondonligi o‘zi qilishi kerak bo‘lgan ishni qilmoqda: askarlarimiz hayotini maksimal darajada saqlab qolish”.
Ukraina Qurolli kuchlari Bosh qo‘mondoni Aleksandr Sirskiy Ukraina qo‘shinlari “Kursk viloyatida mudofaani maqsadga muvofiq va zarur bo‘lgan vaqtgacha ushlab turishini” ta’kidladi.
Rossiya armiyasining Kursk viloyatidagi qarshi hujumi haqida juma kuni xabar berildi. Shu bilan birga, Ukraina bo‘linmalarini qamal qilish xavfi haqida xabarlar paydo bo‘ldi.
Ukraina 2024-yil avgust oyida Kursk viloyatiga hujum boshladi, Sudja va bir qator chegaradosh aholi punktlarini egallab oldi. Kiyev bu operasiyadan maqsad tinchlik muzokaralarida bo‘lajak almashish uchun hududni qo‘lga kiritish va Rossiyani kuchlarni sharqiy frontdan chalg‘itishga majbur qilish bo‘lganini da’vo qildi.
Harbiy amaliyotlar kontekstida TRT qarama-qarshi tomonlarning bayonotlarini darhol tasdiqlay olmaydi yoki rad eta olmaydi.