Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko AQShning Ukrainadagi urush bo‘yicha aniq rejasi yo‘qligini va faqat "vaziyatni o‘rganayotganini" aytdi. Belarus rahbari bu fikrlarni Kremlda Rossiya Federasiyasi prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuv arafasida bildirdi.
Lukashenkoning ta’kidlashicha, Ukrainadagi vaziyatni hal qilish masalasida Rossiyaga bosim o‘tkazish mumkin emas. Belarus prezidenti Vashington Moskvaga emas, balki Kiyevga bosim o‘tkazayotganini aytdi. Uning fikricha, "Rossiyaga ta’sir o‘tkaza olmagani uchun" Vashington Kiyevga "bosim o‘tkazishga" qaror qilgan.
"Ularning (Rossiyaning) qo‘lida, Tramp aytganidek, katta kozirlar bor. Agar ular bu kozirlarni saqlab qolsalar, keyin chiqarsalar va bu qarta o‘yinida g‘alaba qozona boshlasalar - shundagina kelishuvga erishamiz," - dedi Aleksandr Lukashenko.
"Menimcha, ukrainlar bunga hali ham rozi bo‘lmaydi, ular rossiyaliklar bundan voz kechadi va o‘zlari Tramp aytgan kozirga ega bo‘ladi, deb o‘ylashmoqda," - deya fikr bildirdi Belarus prezidenti.