O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida hamda o‘rmonlarni boshqarish tizimida islohotlarni izchil davom ettirish, yashil hududlarni kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 90-sonli Farmoni qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, 2026 yil 1 yanvardan «Yashil makon» loyihasi doirasida ekilayotgan daraxt va buta ko‘chatlarining ko‘karuvchanligi, yashovchanligi, kasallik va zararkunandalarga chidamliligini oshirish maqsadida:
— davlat o‘rmon xo‘jaliklarida respublika hududlarining iqlim sharoitiga mos daraxt turlarining zamonaviy seleksiya usullaridan foydalanib, sifatli va kafolatlangan urug‘larni yetishtirish hajmi 1,5 baravarga oshiriladi;
— urug‘chilik laboratoriyalarida respublika hududlarining iqlim sharoitiga mos o‘simlik turlaridan onalik plantasiyalari tashkil qilinadi;
— davlat o‘rmon xo‘jaliklari tomonidan yetkazib berilayotgan ko‘chatlar hajmi 2 baravarga oshiriladi.
Shuningdek, 2025 yil 1-oktabrdan «Yashil makon» umummilliy loyihasida jamoatchilik ishtirokini oshirish, «Yashil makon» elektron platformasida ochiqlikni ta’minlash maqsadida:
— aholi tashabbusi bilan daraxt ekish mumkin bo‘lgan aniq hudud, suv ta’minoti, keyinchalik parvarish qilish imkoniyati va daraxtlar turlari ko‘rsatiladi;
— «Yashil makon» umummilliy loyihasiga davlat byudjetidan ajratilgan mablag‘lar hisobidan qilinadigan ishlarni jamoatchilikka «har bir tiyin sarflanishini kuzatish» tamoyili asosida onlayn yetkaziladi;
— daraxt va butalarni kesich uchun ruxsatnoma berish yuzasidan murojaat qilgan shaxs to‘g‘risidagi ma’lumot, ko‘chirilishi yoki kesilishi taklif etilayotgan daraxt va ko‘chirish (kesish) sababi, aniq manzili, joylashuvi, foto va videotasvirlari aks ettiriladi;
— o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalarning qimmatbaho navlarini qonunga xilof ravishda kesgan yoki yo‘q qilgan shaxslar tomonidan kompensasiya sifatida ekilgan daraxt va buta ko‘chatlari hisobini yuritish tizimi joriy qilinadi;
— daraxtlarni qonunga xilof ravishda kesgan jismoniy va yuridik shaxslar, ushbu huquqbuzarliklar va ular yuzasidan ko‘rilgan choralar bo‘yicha «Yashil makon» elektron platformasiga doimiy ravishda ma’lumotlar kiritib boriladi.
Qlaversa, «Mening bog‘im» loyihasi doirasida yashil bog‘lar barpo etishga kamida bir gektar, yashil jamoat parklari uchun yarim gektardan yer maydonlari ajratiladi.
Farmonga ko‘ra, O‘rmon xo‘jaligi agentligi negizida O‘rmon va yashil hududlarni ko‘paytirish, cho‘llanishga qarshi kurashish agentligi tashkil qilinadi. Agentlik «Yashil makon» umummilliy loyihasini amalga oshirish, ko‘chatchilikni rivojlantirish, daraxt va buta ko‘chatlari pitomnigini ko‘paytirish bo‘yicha respublika ijro etuvchi hokimiyat organi hisoblanadi.
Yangi tartibga ko‘ra, 2025 yil 1 noyabrdan o‘rmon fondi yer maydonlari alohida muhofaza etiladi va ularning toifasini o‘zgartirish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qaroriga muvofiq amalga oshiriladi.
Bundan tashqari, 2025/2026-o‘quv yilidan boshlab Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti («Green University») va unga biriktirilgan «yashil texnikumlarda»:
— o‘quv jarayoni dual ta’lim tizimi asosida yo‘lga qo‘yiladi;
— ilmiy-amaliy mashg‘ulotlarni tashkil qilish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda botanika va dendrologiya bog‘lari barpo etiladi;
— urug‘chilik, ko‘chatchilik, iqlim o‘zgarishi sohalarida qisqa muddatli o‘quv kurslari tashkil qilib boriladi.
Mazkur Farmon «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasidagi tadbirlar samaradorligini oshirish, o‘rmonlar va yashil hududlar maydonini kengaytirish, ulardan samarali foydalanish va cho‘llanishga qarshi kurashishni tizimli amalga oshirishga xizmat qiladi.