O‘zbekistonlik aktyor Ulug‘bek Qodirov “Kazbek” filmidagi roli uchun VII Lendoc xalqaro kinofestivalida “Eng yaxshi erkak roli” nominasiyasi g‘olibi bo‘ldi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Akbar Bekturdiyev rejissyorligidagi “Kazbek” tarixiy dramasi O‘zbekiston va Belarus hamkorligida suratga olingan.
Festival Sankt-Peterburg shahrida “Lendok” va “Kinokultura” kinostudiyalari tomonidan Rossiya Madaniyat vazirligi hamda Sankt-Peterburg Madaniyat qo‘mitasi ko‘magida tashkil etildi.
Bu yilgi festivalda 13 ta mamlakatdan 39 ta badiiy, hujjatli, tarixiy, debyut va talabalar filmi namoyish etildi. Unda Rossiya, O‘zbekiston, Hindiston, Eron, Xitoy, Indoneziya, Mavritaniya, Latviya va boshqa mamlakatlar vakillari qatnashdi.
Namoyishlarda O‘zbekiston va Turkmaniston hamkorligida ishlangan “Mahtumquli”, Ayub Shahobiddinovning “Bahorni quvib”, Shamshod Ismatovning “Tortishish kuchi” filmlari taqdim etildi.
Dasturga urush yillarida jasorat ko‘rsatgan 18 yoshli pochtachi qiz haqida hikoya qiluvchi “O‘sha bahor haqida” qisqa metrajli filmi ham kiritildi.
Talabalar va o‘quv ishlari yo‘nalishida O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti talabalarining ijodiy ishlari namoyish etildi. Filmlar Sankt-Peterburgning markaziy kinoteatrlarida tomoshabinlarga taqdim qilindi.
Tanlov ishlarini Rossiya, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Belarus kino arboblaridan iborat hakamlar hay’ati baholadi.
Kiritildi: 13:42 27.08.2026.
O'qildi: 925 marta.
Fikrlar soni: 0 ta.