Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukraina bo‘yicha tinchlik muzokaralari berk ko‘chaga kirib qoldi deb hisoblaydi va jangovar harakatlar kuchayishiga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Shu bilan birga, Putinning atrofidagilar orasida u taktik yadroviy quroldan foydalanishi mumkinligi haqidagi xavotirlar ortib bormoqda. Bu haqda Kremlga yaqin manbalarga tayanib, Bloomberg xabar berdi.
Agentlik suhbatdoshlarining so‘zlariga ko‘ra, yaqin orada Rossiya Kiyev markaziga, shuningdek Ukrainaning boshqa shaharlaridagi infratuzilma ob’ektlariga ballistik raketalar bilan beriladigan zarbalarni kuchaytirishni rejalashtirmoqda.
"Tramp ma’muriyati vositachiligida qariyb bir yarim yildan beri davom etgan muzokaralar de-fakto muvaffaqiyatsizlikka uchradi", —dedi manbalardan biri.
O‘nlab neftni qayta ishlash zavodlari, portlar hamda marketpleyslar logistika omborlariga zarar yetkazgan Ukraina zarbalarini Moskva NATO tomonidan qilingan hujum deb hisoblaydi, chunki alyans Kiyevga qurol-yarog‘ va razvedka ma’lumotlarini yetkazib bermoqda.
Iqtisodiy bosim, benzin inqirozi va logistik xablarga berilayotgan zarbalarga qaramay, Putin urushni yakunlashni rejalashtirmayapti. Kremldagilarning fikricha, o‘zaro zarbalarning hozirgi bosqichi hali harbiy eskalasiyaning cho‘qqisi emas.
"Rossiyalik amaldorlarning tobora ko‘proq qismi Putin so‘nggi chora sifatida Ukrainaga qarshi taktik yadroviy qurol qo‘llashi mumkin, degan xulosaga kelmoqda. Chunki urushda mag‘lub bo‘lish Putin uchun mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan ssenariy", —deydi Bloomberg'ning Kremlga yaqin manbalari.
Shu bilan birga, garchi burilish yasalishiga bo‘lgan umidlar juda past bo‘lsa-da, Kreml hali ham Donald Trampning maxsus vakillari Stiv Uitkoff va Jared Kushner Moskvaga yangi takliflar olib kelishiga umid qilmoqda, deb yozadi nashr.
Kiritildi: Bugun 12:02.
O'qildi: 811 marta.
Fikrlar soni: 0 ta.